Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi «Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan poytaxtga yangi avtobuslar olib kelinadi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati boshlig‘i Muslima Obidova ma’lum qildi.
Xususan, «TRUCK AND BUS TRADE GROUP» MCHJ tomonidan yil yakuniga qadar 190 dona MAN A22 CNG rusumli katta sig‘imli avtobuslar keltiriladi.
Bu rusumdagi avtobuslar 30 ta o‘tirish va 60 turish o‘rniga mo‘ljallangan, konditsionerlar bilan jihozlangan, siqilgan tabiiy gazda yuradi. Sotib olingan avtobuslar ishlab turgan avtobuslar qatoriga kiritilib, hozir ularning qaysi yo‘nalishlarga chiqishi ko‘rib chiqilmoqda. Ba’zi yo‘nalishlarda ular kam sig‘imli ISUZU larning o‘rnini egallaydi.
Yil yakunigacha yana 25 ta o‘tirish va 31 ta turish o‘rniga ega bo‘lgan 85 dona SAZ LE-60 o‘rta sig‘imli avtobuslar ham olib kelinadi. Ular joriy yilda xarid qilingan shu rusumdagi 115 dona avtobuslarga qo‘shiladi.
Yutong rusumidagi 20 dona elektrobusdan iborat parkka joriy yilda yangi elektrobuslar qo‘shilmaydi, ular kelgusi yilda olib kelinadi.