Prezident 30 sentabr kuni “Tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni qabul qildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 noyabrdan:
- bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi;
- eksport tashkilotlariga foyda va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish shaklidagi imtiyozlar tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi;
- qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi. [Ma’lumot uchun moyli o‘simliklar urug‘larini eksporti 1 iyundan cheklangan edi]
Eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga kiritilgan eksportchi korxonalarga Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oydagi eksport hajmidan kelib chiqib quyidagi moliyaviy yordamlar ko‘rsatiladi:
- eksport hajmi 1 million dollardan 5 million dollargacha bo‘lganda — 1 million dollargacha;
- eksport hajmi 5 million dollardan 10 million dollargacha bo‘lganda — 2 million dollargacha;
- eksport hajmi 10 million dollardan 15 million dollargacha bo‘lganda — 3 million dollargacha;
- eksport hajmi 15 million dollardan 20 million dollargacha bo‘lganda — 4 million dollargacha;
- eksport hajmi 20 million dollardan ortiq bo‘lganda — 5 million dollargacha;
- bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga 30 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.