Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining delegatsiyasi bilan bo‘lgan uchrashuvda «O‘zMET» tizimiga kiruvchi yangi elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi bo‘yicha kredit va loyiha shartnomasi imzolandi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunga qadar YeTTB O‘zbekistondagi 113 loyihaga 3,6 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritdi.
Jumladan, bank tomonidan «O‘zMET»ning Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi Sarimoy va Jonkeldi aholi yashash punktlari o‘rtasida yangi elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini moliyalashtirish uchun 47,1 million dollarlik moliyaviy yordam berildi.
Yangi liniya qurilish jarayonida bo‘lgan, umumiy quvvati 1 GVtli ikkita shamol elektr stansiyasini milliy tarmoq bilan bog‘laydi. Loyiha o‘tish davri iqtisodiyotiga ega mamlakatlar jamg‘armasi va aksiyadorlarning maxsus jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Loyiha elektr ta’minoti tizimining quvvatini yaxshilaydi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytiradi. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonning tobora barqaror energiya ta’minotiga muhtoj rivojlanayotgan sanoati va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlari uchun juda muhimdir, deyiladi xabarda.
«O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat, balki barqaror infratuzilmaviy yechimlarga muhtoj bo‘lgan mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotdir. Bizning bankimiz bunday loyihalarni moliyalashtirish orqali ushbu o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor», — deya ta’kidladi YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink.