30 avgustda Toshkent xalqaro aeroportida noqonuniy olib o‘tilgani sabab hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan 57 dona timsoh bolalari va 10 dona buqalamundan 1 bosh timsohcha hamda 6 bosh buqalamun nobud bo‘ldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Qo‘mita xodimlari Toshkent hayvonot bog‘iga borib, jonivorlarning hozirgi holatini tekshirgan. Ular timsohchalar hayvonot bog‘i ekspozitsiyasida tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola qilinayotganini ko‘rgan.

«Yovvoyi tabiatdan ajratib olinganligi sababli timsoh bolalarining barchasi ham birdek xonaki sharoitga moslashganicha yo‘q. Ularning ayrimlari mustaqil ravishda oziqlana olmayapti. Shuningdek, hamon maxsus karantinda saqlanayotgan buqalamunlarning ahvolini ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Ular qutida mevalar orasida olib kelinganligi sababli parvoz vaqtida mevalar ichida siqilib qolib, jiddiy shikast yegan», — dedi qo‘mita matbuot kotibi.


Nobud bo‘lgan 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun hozirda utiliziatsiyaga qadar maxsus muzlatkichda saqlanmoqda.

Keltirilishicha, O‘zbekiston faunasida Nil timsohlari va Yaman buqalamunlari uchramasligi sababli ular mamlakat Qizil kitobida kiritilmagan. Ammo, Xalqaro qizil kitobidan joy olgan.

Shu sababli Xalqaro savdo qilish konvensiyasiga muvofiq yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarini respublikaga olib kirishda CITES maxsus ruxsatnomasi kerak.

Biroq, O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday ruxsatnoma olish uchun murojaat kelib tushmagan. Jonivorlarning keyingi taqdiri sud xukmiga binoan hal bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan bojxona organlari Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.