Dunyoda global muammoga aylanib borayotgan aholining keksayish jarayoni tobora ko‘proq mamlakatlarni qamrab olayotgan bir paytda O‘zbekistonning demografik holatida keskin yosharish jarayoni kuzatilmoqda. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda tug‘ilishning keskin ortishi mamlakat demografik dividend bo‘sag‘asida turganligidan darak beradi.

Demografik dividend — bu mamlakatda mehnatga layoqatli aholining ulushi bolalar va qariyalar ulushidan oshib ketganda va tug‘ilishning pasayishi natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy o‘sish salohiyati.

2022 yil boshiga kelganda O‘zbekiston aholisi 35,3 million kishiga yetdi. Bu 2021 yil boshidagiga nisbatan 712 ming kishiga (2,1%) ko‘p degani. Aholi soni o‘sishining yuqoriligi tug‘ilishning o‘limga nisbatan ancha ko‘pligi bilan bog‘liq. 2021 yilda 905 ming nafar go‘dak dunyoga kelgan. Hududlar bo‘yicha Samarqand (110 ming chaqaloq), Farg‘ona (99 ming chaqaloq), Qashqadaryo (97 ming chaqaloq) va Andijon (85 ming chaqaloq) viloyatida tug‘ilish nisbatan yuqori.

O‘zbekiston 2016−2021 yillar mobaynida tug‘ilishning keskin ortishi kuzatildi. Go‘daklarning dunyoga kelishida 25−39 yosh oralig‘idagi ayollarning ulushi katta. 15−24 yosh oralig‘idagi ayollar ulushi deyarli bir maromda saqlanib kelayapti. 40 va undan katta yoshdagi ayollarning ulushi 1% dan kam. Ushbu holat shahar va qishloqlarda deyarli bir xil.

Foto: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.

Farzandlar ketma-ketligi bo‘yicha yiliga o‘rtacha 280 ming to‘ng‘ich farzand tug‘ilgan bo‘lsa, 2019 yilda ularning soni 352,7 ming nafargacha oshgan. Keyingi yillarda to‘ng‘ichfarzandlar soni yana 280−290 ming nafarga qaytgan. Ikkinchi farzandlar bo‘yicha o‘sish bir maromda.

Tug‘ilishdagi asosiy o‘sish uchinchi va undan keyingi farzandlar ulushiga to‘g‘ri keladi. 2016 yilda 204,9 ming nafar uchinchi farzand dunyoga kelgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 325,2 ming nafarga yetgan. Ushbu go‘daklarning tug‘ilishidagi o‘sish ham 25−39 yosh oralig‘idagi ayollarning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tug‘ilishning yig‘indi koeffitsiyenti (bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni) 2016 yilda 2,46 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda 3,17 ga ko‘tarildi. Ushbu ko‘rsatkich qishloqda 3,40 ni, shaharda esa 2,95 ni tashkil qildi. Norasmiy oilalarda tug‘ilgan bolalar soni 2016 yilda 60,2 tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 55,7 ming nafargacha pasaydi.

Prognozlarga ko‘ra, tug‘ilish sur’ati 2030 yilgacha bir maromda (o‘rtacha 900−950 ming) davom etadi va aholi soni 41 milllion nafardan oshadi. 2030 yilga borib, 18 yoshgacha bo‘lganlar va mehnatga layoqat yoshidan kattalar soni mos ravishda 2384 ming va 1447 ming kishiga o‘sishi kutilmoqda.


Demografik dividend

2022 yil boshiga kelganda jahon mamlakatlarida bolalar bosimi ko‘rsatkichi 41,0 bolani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich rivojlangan mamlakatlarda 25,0, rivojlanayotgan mamlakatlarda 42,0 va rivojlanmagan mamlakatlarda 68,0 bolani tashkil qilmoqda. Bolalarga tushadigan zo‘riqishning keksalarga tushadigan zo‘riqishga nisbatan pasayishi demografik soliq holatiga olib keladi.

Demografik soliq — mehnatga layoqatli yoshdagi aholi sonining qisqarishi bilan birgalikda keksalar sonining o‘sishi davri.

Prognozlarga asosan, jahonda soliq davrining boshlanishi 2045 yilga (35 bola) to‘g‘ri keladi. Ba’zi mintaqalarda esa u boshlanib bo‘lgan. Masalan, Yevropa mamlakatlarida 1995 yilda (31 bola), Shimoliy Amerikada 2015 yilda (32 bola), Rossiyada 2000 yilda (29 bola) boshlangan. Osiyo (32 bola) va Lotin Amerikasida 2040 yildan (33 bola) boshlanishi kutilmoqda.

Prognozlar shuni ko‘rsatadiki, 2030 yilgacha O‘zbekistonda demografik soliq davrining boshlanish xavfi yo‘q. Hisob-kitoblarga asosan O‘zbekistonda demografik bosim 2000 yillarda 92,2 kishini tashkil qilgan (bolalar bosimi — 78,1, keksalarniki — 14,2). Bosim 2013 yilga kelib eng quyi ko‘rsatkich, ya’ni — 62,0 ga pasaydi va 2022 yilga kelib 75,8 kishiga ko‘tarildi. 2030 yilga borib, respublikada bosimning mo‘’tadil o‘sishi (84,2 kishi) kutilmoqda (bolalar bosimi — 59,7, keksalarniki — 24,4). Demografik dividenddan samarali foydalanish inson kapitalini rivojlantirishga sarmoya kiritishni talab etadi.

Aholi sonining oshishi birinchi navbatda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga bosim o‘tkazadi.

Sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan bosim

2021 yil boshida O‘zbekistonda 1232 ta shifoxona mavjud bo‘lib, har 10 000 kishiga 47 ta shifoxona o‘rni to‘g‘ri keldi. Shuningdek, 6032 ta ambulatoriya-poliklinikaga bir smenada 683 ming kishi keldi. Bu har 10 000 kishiga 197 nafarni tashkil etadi. Ushbu muassasalarda xizmat ko‘rsatgan barcha toifadagi shifokorlar soni 93 ming kishini tashkil qildi. Bu har 10 000 kishiga 27 nafar shifokor yoki bitta shikoforga 370 kishi to‘g‘ri kelishini bildiradi.

Shuningdek, homilador ayollar va tug‘adiganlar uchun 17,3 ming o‘rin mavjud bo‘lgan bo‘lib, fertil yoshidagi har 10 000 ayolga 19 ta o‘rin to‘g‘ri kelgan. Homiladorligi tugagan ayollarning fertil yoshidagi ayollardagi ulushi 2021 yil boshiga 8,9% tashkil qilgan. Hisob-kitoblarga asosan aholi sog‘ligini hozirgi darajada ushlab turish va yaxshilash uchun aholi sonining oshishini hisobga olgan holda 2030 yilgacha ambulatoriya-poliklinikalar sonini 7 041 taga yetkazish lozim (qo‘shimcha 1 009 ta).

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har 10 000 kishiga taxminan 16 nafar shifokor va 38 nafar hamshira (shu jumladan, ko‘pchilik mamlakatlardagi doyalar) to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun: Yevropa mintaqasi mamlakatlarida har 10 ming kishiga o‘rtacha 34 nafar shifokor to‘g‘ri keladi, Amerikada — 24, G‘arbiy Tinch okeani mintaqasida — 19, Sharqiy O‘rtayer dengizida — 10, Janubi-Sharqiy Osiyoda — 8, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 27 nafarni tashkil etadi.

Agar Yevropa va Amerika mamlakatlarida har 10 000 kishiga 80 nafardan ortiq (81 va 83) hamshira to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda 10 000 kishiga 107 nafar hamshira to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda shifokor va hamshiralar soni rivojlangan davlatlardagidan farq qilmaydi. Hududlar bo‘yicha hamshiralar soni bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlar Surxondaryo (15,0 nafar), Jizzax (16 nafar) va Qashqadaryo (18 nafar) viloyatlarida kuzatilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, aholining yillik o‘rtacha o‘sishi 720 ming kishini tashkil etadi. Bu o‘sish sur’atida ham shifokorlar va hamshiralar zimmasiga tushadigan yuk katta bo‘lmaydi. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib, 10 ming kishining shifokorlar bilan ta’minlanish darjasi 29,4 nafarni, tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanish darajasi 117,8 nafarni tashkil etadi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari har yili 4 ming nafardan ortiq kishini mehnat bozoriga chiqarayotgan bo‘lsa, kollejlar 55 mingdan ortiq tibbiyot xodimini tayyorlayapti. Har yili o‘rtacha 40 mingga yaqin xodim mehnat faoliyatini to‘xtatadi va 60 ming nafardan ortig‘i ishga olinadi.

Sog‘liqni saqlash sohasida band bo‘lganlar sonining real o‘sishi 20 ming kishidan ortiqni tashkil etadi. Oliy ta’limni qamrab olishni oshirish, kvotalarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar oliy ma’lumotli shifokorlar sonining ko‘payishini ta’minlaydi. Bu esa o‘z navbatida aholining shifokorlar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanish darajasini oshiradi.

Ta’lim tizimiga tushadigan bosim

2022 yil boshida 3−6 yosh oralig‘idagi bolalar soni 2855,2 ming nafarni tashkil qilgan. Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilga borganda ularning soni 3567,3 ming nafarni, 2030 yilda esa 3631,9 ming nafarni tashkil etadi.

3−6 yosh oralig‘idagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning erishilgan ko‘rsatkichlarini saqlab qolish va kelajakda respublikaning barcha hududlarida jahonning rivojlanayotgan davlatlaridagi kabi ko‘rsatkichlarni (80% atrofida) ta’minlash uchun 1 million 400 ming nafar bola uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida yangi o‘rinlar tashkil etish, malakali mutaxassis-tarbiyachilarni tayyorlash zarur, deb hisoblanadi.

Umuman qamrovni ta’minlash uchun budjetdan qo‘shimcha 38,5 trln so‘m ajratilishi lozim bo‘ladi. Hududlar bo‘yicha tahlillarga asosan Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kelajakda bolalar sonining o‘sish sur’ati yuqori bo‘ladi, lekin hozirgi kunda qamrov darajasi past ekanligini ko‘rish mumkin. 2030 yilga borib, 3−6 yosh oralig‘idagi barcha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish natijasida 28 000 ta ish o‘rni tashkil etish mumkin.

2021/2022 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini jami 441,3 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 2022/2023 o‘quv yilida 701,9 ming bola 1-sinfga chiqadi. Ushbu bolalarni maktabga qabul qilish uchun 2022/2023 o‘quv yilining o‘zida qo‘shimcha 260,6 ming o‘quvchi o‘rni zarur bo‘ladi. 2021/2022 o‘quv yilida maktablar pasporti bo‘yicha umumiy loyihaviy quvvati 5111,1 ming o‘rinni tashkil etdi. Hisob kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda 7−17 yosh oralig‘idagi bolalar soni 7 mln 642 ming 700 nafarni, 2030 yilda esa 8 mln 660 ming 800 nafarni tashkil etadi.

2029/2030 o‘quv yiliga qadar bitiruvchilar hamda 1-sinfga qabul qilinadiganlar o‘rtasidagi tafovut o‘rtacha 162,8 ming o‘quvchini tashkil qiladi. Yiliga o‘rta hisobda qo‘shimcha 162,8 ming o‘quvchi uchun kamida 4500 nafar yangi o‘qituvchi jalb qilish zarur bo‘ladi. 2021/2022 o‘quv yilida jami o‘quvchilar soni 6 mln 304 ming 600 nafar, o‘qituvchilar soni 529,1 ming nafar, ya’ni bitta o‘qituvchiga 11,9 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Rivojlangan mamlakatlarda ushbu ko‘rsatkich 10 nafardan oshmaydi.

Har yili oliy o‘quv yurtlari o‘rtacha 30 ming nafar oliy ma’lumotli pedagogni mehnat bozoriga chiqaradi. Oliy ma’lumot bilan qamrab olish darajasini 50% ga yetkazish va ayollar uchun kvotalar sonini oshishi natijasida, 2030 yilga borib, oliy o‘quv yurtlari har yili o‘rta hisobda 35−40 ming nafar pedagog kadrlarni tayyorlashi kutilmoqda. Buning natijasida har bir o‘qituvchiga 10 ta o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Ushbu hisob kitoblardan kelib chiqib, yaqin kelajakda o‘qituvchilarga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shunga qaramay, ularning tanqisligi kuzatilmaydi.

*Hududlar bo‘yicha taqsimot aholi sonining hududiy ulushi asosida hisoblangan.
** Hududlar bo‘yicha taqsimlanmagan ma’lumotlarni qo‘shmagan holda.
*** Toshkent shahri bo‘yicha qamrov darajasi 90% deb olingan.
Manba: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari.

Bugungi kunda respublikada 178 ta oliy o‘quv yurti faoliyat yuritmoqda. 2021/2022 o‘quv yilida OTMlarga qabul qilinganlar soni 235,9 ming nafarni, jami talabalar soni 808,4 ming nafarni tashkil qilib, bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 38%ga yetdi. Bitiruvchilarni 50% oliy ta’lim bilan qamrab olish uchun zarur bo‘lgan talaba o‘rinlari soni: 2026 yilda jami o‘rta ta’limni bitiruvchilar soni 619,0 ming nafar, 2030 yilga borib, 615,5 ming nafar bo‘lishi kutilmoqda.

2030 yilgacha o‘rta ta’lim bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrovini 50%ga yetkazish uchun jami qo‘shimcha 646,8 ming talabani o‘qitish zarur. 2030 yilda o‘rta ta’lim bitiruvchilarni 50% oliy ta’lim bilan qamrab olish uchun OTMlarning hozirgi quvvatini 8 yil ichida 1,5−1,8 marta oshirish zarur.

Tug‘ilish darajasi nima sababdan yuqori?

Mamlakatda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqoriligi o‘rganish maqsadida PMTI tomonidan sentabr-oktabr oylarida so‘rov asosida tadqiqot o‘tkazildi. Unda 25−45 yosh oralig‘idagi 3 nafar va undan ko‘p farzandlari bor bo‘lgan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 200 nafar ayol ishtirok etdi (N=200).

So‘rovnomada qator savollar qamrab olingan bo‘lib, ulardan quyidagi natijalar olindi:

Davlat statistika qo‘mitasisining ma’lumotlariga mos ravishda oilalarning katta qismi (onalarning 82,9%, turmush o‘rtoqlarining 81,0%) 3−4 nafar farzandi bo‘lishini hohlaydi. Salomatligi (43,8%) hamda oilaviy sharoitining yaxshilanganligi (47,9%) farzandni dunyoga keltirishga qaror qilishdagi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Oilalarning 36,2% umumiy holda yana farzandli bo‘lishni istagan bo‘lsada, 19,0% oilalar yana o‘g‘il farzandli, 14,3%i esa yana qiz farzandli bo‘lish istagini bildirgan. Oilalarning 33,4% da farzand kutilmaganda dunyoga kelgani aniqlandi.

So‘rovda qatnashgan ayollarning 87,9%i kontratseptiv vositalardan foydalanishini bildirgan. Vositalarning ishlatilishi: spiral — 63,8%, turli dori vositalari — 17,1%, boshqa usullar — 30,5%. Shuningdek, ayollarning turmush o‘rtoqlari tomonidan (29,4%) kontratsepsiya vositalaridan foydalanish kuzatilgan. Ayollarning 12,1% i esa umuman kontratsepsiya vositalaridan foydalanmasligini aytgan.

Tug‘ilish darajasi yuqoriligining sabablari sifatida, shuningdek, diniy yondashuvlar ta’siri ham o‘rganildi. Ayollarning 86,9% oilasida diniy yondashuvlarning farzand ko‘rishga ta’siri yo‘q, deb ko‘rsatgan. Ayollarning 12,1% esa «juda ta’sir qiladi», deb aytgan.

Shunday qilib, so‘rov natijalariga ko‘ra, tug‘ilish darajasining yuqoriligiga asosiy sabablar:

  • aholi daromadlarining oshishi;
  • aholi orasida ko‘p farzandlilik tendensiyasiga ijobiy qarashlarning shakllanishi;
  • tibbiy madaniyatning yetarli darajada emasligi.

PMTI mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda tug‘ilishga ta’sir etuvchi omillarning emperik tahlili o‘tkazildi. Tahlil 2010−2021 yillar oralig‘i va hududlar bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasining manbalari asosida shakllantirildi. Tasodifiy effekt modeli yordamida ijtimoiy va iqtisodiy omillarning tug‘ilish darajasiga ta’siri baholandi.

Shunday qilib ekonmetrik tahlil natijalariga ko‘ra, quyidagi omillar tug‘ilish darajasininig oshishiga olib kelar ekan: aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar (6,3%), ayollar orasidagi ishsizlik (4%), kam ta’minlanganlar ulushining oshishi (1,2%), umr ko‘rish davomiyligi (0,19%).

Tug‘ilish darajasining pasayishiga olib keluvchi omillar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish (-0,02%) va ayollarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi (-0,04%) ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mehnat muhojirlari soni, o‘rtacha ish haqi, iqtisodiyotga kiritilayotgan jami investitsiyalar hajmi, aholi jon boshiga YAHM hajmi, kontrativ vositalaridan foydalanish, abortlar, umumiy ishsizlik darajasi kabi omillarning ta’siri statistik ahamiyatga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

Takliflar

Aholini sonining nisbatan yuqori sur’atlarda oshib borishi mamlakat iqtisodiyoti uchun keng imkoniyatlar yaratadi. O‘z navbatida kutilayotgan yuqori demografik salohiyatning ta’sirini bilgan holda PMTI quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur deb biladi:

Davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida ta’lim va sog‘liqni saqlash bozorida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish, ularga litsenziya va boshqa ruxsatnomalar berish tizimini osonlashtirish.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi a’zolari budjet mablag‘larini taqsimlashda va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini o‘rta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishlari maqsadga muvofiq.

Demografik prognozlarni inobatga olgan holda, ta’lim va sog‘liqni saqlash bozorining xalqaro va mahalliy ishtirokchilari, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga o‘rta muddatli talab mavjud ekanligiga ishonch bilan qarashlari va O‘zbekistonga sarmoya kiritishlari mumkin.

Prognozlar natijalari energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni oshirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan va bosqichli islohotlarni amalga oshirish muhimligini ko‘rsatadi.