«Boshqa muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda» — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Ostonada Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida nutq so‘zladi. Unda prezident yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi. Afg‘oniston masalasi ham ikkinchi darajaga tushib qolganini ta’kidladi.

Zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytiriladi, qonunlarga esa o‘zgartishlar kiritiladi — Tanzila Narbayeva

Senat raisi zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish uchun qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjatlar paketi tayyorlangani va yaqinda prezidentga axborot berilishini ma’lum qildi. «Jamoatchilik vakillari „Hamma jim o‘tiribdi“, degan fikrda bo‘lmasligi kerak», — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.

Toshkent aeroportidan hayvonot bog‘iga jo‘natilgan 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo‘ldi

Avgust oxirida xalqaro aeroportda noqonuniy olib o‘tilgani sabab 57 dona timsoh bolalari va 10 dona buqalamun hayvonot bog‘iga vaqtincha topshirildi. Hozirda ulardan 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo‘ldi. Bojxona organlari holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Samarqandda ayolga tegajog‘lik qilgan «mulla» 10 sutkaga qamaldi

Kattaqo‘rg‘on tumanida «o‘qib qo‘yish» uchun chaqirilgan «mulla» xonadondagi ayolga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan tuman sudida o‘tkazilgan majlisda mulla 10 sutkaga qamaldi. U avval ham ichkilik ichib, jamoat joyida tartib buzgani uchun jarimaga tortilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi

12 oktabr kuni Ostonada Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Muzokaralar davomida «Hamdo‘stlik sport poytaxtlari» davlatlararo dasturi qabul qilindi. Keyingi yig‘ilish 2023 yil 14 aprelda Toshkent shahrida o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston aholisi soni 2030 yilda 41 mlndan oshadi — PMTI

PMTI demografik hisobot va prognozlarni e’lon qildi. O‘zbekistonda oxirgi 5 yilda tug‘ilishning keskin o‘sishi kuzatilgan. Bunga sabablar sifatida aholi daromadlarining oshishi, ko‘p farzandlilik tendensiyasiga ijobiy qarashlarning shakllanishi va tibbiy madaniyatning yetarli darajada emasligi ko‘rsatilgan.

Nogironligi bor shaxslarni ishga olganlarga subsidiya berish xizmati yo‘lga qo‘yildi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan korxona egalariga subsidiya berish imkoniyati yaratildi. Bunda ish beruvchilar har bir xodim uchun 6 oy davomida har oy BHMning 1,5 baravari miqdorida subsidiya olishi mumkun.

Xalqaro qidiruvdagi ikki kishi Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Interpol xodimlari og‘ir jinoyatlarni sodir etgan xalqaro qidiruvdagi ikki kishini Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi. Ulardan biri giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat qilgan, boshqasi esa moliyaviy piramida bilan fuqarolarni aldagan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi «Imkoniyatlar markazi» tashkil etiladi

2022 yil davomida tajriba tariqasida Nukus va Toshkent shaharlarida hamda 2023 yildan boshlab qolgan hududlarda «Imkoniyatlar markazi» faoliyati tashkil etiladi. Ular nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi va kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashadi.

Aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya ketma-ket beshinchi oy pasayishni qayd etdi

MB hisobotiga ko‘ra, sentabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya dinamikasi pasayib, 14,8 foizni tashkil etdi. Hududlar bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida, past ko‘rsatkichlar Navoiy, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi.

O‘zbekiston va Eron o‘rtasida soddalashtirilgan viza rejimi joriy etildi

13 oktabrdan O‘zbekiston va Eron o‘rtasida ishbilarmon va ilmiy doiralar, shuningdek, sayyohlik guruhlari uchun soddalashtirilgan viza tartibi joriy etildi.

WizzAir Abu Dhabi aviakompaniyasi Abu-Dabidan Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

BAAning WizzAir Abu Dhabi loukoster aviakompaniyasi 13 dekabrdan Samarqandga parvozlarni amalga oshiradi. Chiptalar narxi 40 dollardan boshlanadi. Kompaniya veb-saytida dastlabki reyslarning narxi 90 dollar ekanligi ko‘rsatilgan.

Toshkentda «Tez yordam» xizmati xodimi kaltaklandi

Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida xizmat vazifasini o‘tayotgan «Tez yordam» xodimi kaltaklangani aytilmoqda. SSV shifokorlarning hozirgi ahvoli haqida ma’lumot berib, holatni o‘z nazoratiga olganini qayd etdi. BP tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Farg‘onada 1 gektar yerni $16 ming evaziga sotishda gumon qilingan shaxs ushlandi

Farg‘ona tumanida fuqaro 1 gektar zaxiradagi yerni o‘ziniki ekanini aytib, uni $16 000 evaziga sotmoqchi bo‘lganida ushlandi. Shuningdek, Namangan va Toshkent viloyatidagi holatlarda jami 25 sotix yerni $11 500 evaziga sotishda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi.

Buxoro aeroportini DXSH asosida boshqarish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda

Transport vazirligi va Uzbekistan Airports vakillarining Malaysia Airports Holdings Berhad (MAHB) kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Buxoro aeroportini modernizatsiya qilish va davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish uchun tadbirkorlarni jalb qilish mexanizmlari muhokama qilindi.

2025 yilgacha xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import boji bekor qilindi

Prezident qarori bilan 2025 yilning 1 yanvariga qadar 21 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar import bojidan ozod qilindi. Shuningdek, «bojxona hududida qayta ishlash» rejimi doirasida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash talabi bekor qilindi.

O‘zbekiston harbiylari «Kembriya patruli» musobaqasida ikkinchi o‘rinni egalladi

Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida O‘zbekiston harbiylari ikkinchi o‘rinni egalladi. Bellashuv shartlari orasida hududni razvedka qilish, tog‘ daryosi va minalangan maydonlardan o‘tish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi topshiriqlar bo‘ldi.

Qibrayda kottej uchun pul to‘lagan 108 ta xonadon egalari prezidentga murojaat qildi

Qibray tumanida qurilishi rejalashtirilgan kottejlarga oldindan pul to‘lagan 108 ta xonadon egalari prezidentga murojaat yo‘lladi. Fuqarolar noyabr-dekabr oylarida topshirilishi reja qilingan kottejlar hali ham kurilmagani va to‘langan pullar faqatgina qisman qaytarib berilishidan norozi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Talaba va ijara uyi: haqiqiy manzara, sarson-sargardonlik, ijarador talabi va tuganmas tashvishlar

Non shahri — poytaxtda nega talabaga boshpana topilishi qiyin? Nima uchun uy egalari ijarachi sifatida talabalarni tanlamaydi? E’lonlarda «Talabalar bezovta qilmasin, faqat oilaga beriladi» deb yozilishiga sabab nima? «Gazeta.uz» har ikki tomon bilan suhbatlashib, muammoga yechim topishga harakat qilib ko‘rdi.

Yigirma yildan beri shu gap! Shu manzara…

21 oktabr… Tilimizni ulug‘lab ma’ruza o‘qidim, uning qadim va boyligi, dunyodagi boshqa hech bir tildan qolishmasligini dalillashga urindim. Go‘yo buni bilib olishsa, ish pishadiyu odamlar til qadrini o‘z joyiga qo‘yadigandek. Yigirma yildan beri shu gap! Shu manzara, deb yozgandi Zuhriddin Isomiddinov 2015 yilda.