12-oktabr kuni prezident [PQ-392-son] “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori imzolandi. Bu xaqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2025-yilning 1-yanvariga qadar xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji nol stavkada qo‘llaniladi.

Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash talabi bekor qilinadi.

Shu bilan birga 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

  • asbob-uskunalar sotib olish (sotish) bo‘yicha shartnomada montaj va ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa xizmatlar qiymati ko‘rsatilmagan hollarda bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi;
  • mazkur xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun norezidentning soliq solinadigan daromadini shartnoma qiymatining 20 foiziga teng deb hisoblashning amaldagi tartibi bekor qilinadi.

Ushbu vazifalar ijrosini nazorat qilish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga yuklatildi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning oktabr oyida prezident qarori bilan 82 turdagi xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar import bojxona bojidan ozod qilingandi.