Buxoro viloyati delegatsiyasining Malayziyaga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston Transport vazirligi, Uzbekistan Airports hamda Malaysia Airports Holdings Berhad (MAHB) kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar chog‘ida Malayziya tajribasini joriy etish orqali O‘zbekistonda aeroport xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Javlon Umarxo‘jayev O‘zbekiston aeroportlarini rivojlantirish strategiyasi bilan hamkorlarni tanishtirdi va «Buxoro» xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va DXSH asosida boshqaruvga o‘tkazish uchun tadbirkorlarni jalb qilish mexanizmlari haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Malayziya kompaniyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish hamda aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.