WizzAir Abu Dhabi aviakompaniyasi xabariga ko‘ra, 13 dekabrdan boshlab Abu-Dabi — Samarqand reysi yo‘lovchilarni tashishni boshlaydi.

Parvozlar haftada ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Uchish jadvali mahalliy vaqt bilan:

  • Abu-Dabidan 6:30 da uchib, Samarqandga 10:45 da qo‘nadi;
  • Samarqanddan 11:20 da uchib, Abu-Dabiga 13:55 da qo‘nadi.

Chiptalar narxi 149 dirham (40 dollar yoki MB amaldagi kursi bo‘yicha 443 ming so‘m)dan boshlanadi. Kompaniya veb-saytida dastlabki reyslarning narxi 90 dollardan boshlanashi ko‘rsatilgan.

«Markaziy Osiyo WizzAir Abu Dhabi uchun asosiy rivojlanayotgan bozordir», — dedi kompaniya boshqaruv direktori Maykl Berluis. Uning so‘zlariga ko‘ra, qatnov yaqinda kompaniya tomonidan sotib olingan Airbus A321neo samolyoti orqali amalga oshiriladi.