14 oktabr kuni hukumat [594-sonli] qarori bilan «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» madaniyat va san’at milliy mukofoti to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Hujjat matni qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi.

O‘zbekistonda iste’dodli ijodkorlar «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» madaniyat va san’at milliy mukofoti bilan taqdirlanadi. Mukofot madaniyat va san’atni yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qo‘shganlarga beriladi.

Mukofot bilan taqdirlash har yili an’anaviy tarzda bir marta ijodkorlar o‘rtasida quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:

  • Milliy mukofot nominatsiyalari (jami 20 ta nominatsiya) har yili 10 yanvardan 10 fevralgacha tanlab olinadi;
  • tanlab olingan nominatsiyalar har yili 1 martgacha e’lon qilinadi;
  • mukofotlash uchun nomzodlar har yili 1 noyabrgacha Madaniyat vazirligi (ishchi organ)ga taqdim etiladi;
  • ishchi organ har yili 1−10 noyabr kunlari nomzodlarga oid hujjatlarni ko‘rib chiqadi;
  • komissiya har yili 10−15 noyabr kunlari hujjatlarni ko‘rib chiqib, eng yaxshi 3 nafar nomzodlarni (har bir nominatsiya bo‘yicha) saralaydi;
  • eng yaxshi 3 nafar nomzodlar ro‘yxati har yili 15 dekabrdan kelgusi yilning 10 yanvar kuniga qadar ijtimoiy tarmoqlarga keng jamoatchilik ovoz berishi uchun joylashtiriladi;
  • joriy yil g‘oliblarining taqdirlanishi kelgusi yil 25 yanvar kuni tashkil etiladi.

Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar BHMning 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi hamda maxsus statuetka va sertifikat topshiriladi.