Toshkentda soat 23:00 gacha havoning chang mayda zarralari bilan ifloslanishi kuchayadi

O‘zgidromet dushanba kuni soat 18:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahrida atmosfera mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi kuchayishini ma’lum qildi. Poytaxt aholisi va mehmonlaridan imkon boricha uydan chiqmaslik va ko‘chada tibbiy niqob taqib yurish so‘ralmoqda.

O‘zgidromet havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Ko‘chalarda tirbandlik, katta qurilishlar, daraxtlarni kesish, magistral yo‘llar va maysazorlarga keng ko‘lamda suv sepilmasligi, shahardagi atmosfera bo‘shlig‘ining past shamollatilishi havoning yuqori darajada ifloslanishiga olib keladi. O‘zgidromet vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 20−21 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘ladi

Ikki mamlakat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari o‘tkaziladi. Shuningdek, prezident hafta davomida mahalla infratuzilmasi, ma’muriy islohotlar va qishloq xo‘jaligi borasida muhokamalar o‘tkazadi.

Andijon viloyatidagi 52 ta ko‘chada tezlikni 60 km/soatgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda

Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi poytaxt kengashidan so‘ng viloyatdagi transport vositalarining harakat tezligini 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirishni ma’qulladi. Bu tezlikni me’yoridan oshirish oqibatida avariyalar ko‘p sodir etilayotgan 52 ta ko‘chada amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Toshkentda «Tez yordam» xizmati xodimlari yana kaltaklandi

Mirobod tumanida erkak chaqiruvga kelgan «Tez yordam» xodimi va haydovchisini kaltaklagani aytilmoqda. U o‘sha paytda noadekvat holatda yon-atrofdagilarga tajovuz qilayotgani ma’lum bo‘lgan. Mirobod tuman IIB holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda.

«Tez yordam»da yolg‘on chaqiriqlar soni 2 barobar kamaydi — SSV

2022 yilning 9 oyida «103» xizmatiga jami 4 ming 452 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. SSVning ma’lum qilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan ikki barobar kam.

Vazirlar va qo‘mita rahbarlari o‘rinbosarlari tumanlarga hokim etib tayinlandi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Berdiqulov Nurobodga, favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Latifjonov Paxtaobodga va monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov Asaka tumaniga hokim etib tayinlandi.

Farg‘ona va Sardoba tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Mirzayev Sardoba tumaniga, Hamidullo Inomov esa Farg‘ona tumaniga hokim bo‘ldi. Qolaversa, Qashqadaryo hokimiga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi. Hokimning yana bir o‘rinbosari va Chiroqchi hokimiga esa «hayfsan» berildi.

Qarshidagi manzil koloniyasidan mahkum ruxsatsiz chiqib ketdi

U 2015 yilda 14 yoshga kirmagan shaxsni zo‘rlagani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. 2020 yilda esa yopiq turdagi qamoqxonadan manzil koloniyasiga o‘tkazilgan. U qo‘lga olindi va hozirda yopiq turdagi koloniyaga qaytarish masalasi ko‘rilmoqda.

«Toshkent viloyatining oltin halqasi» tashkil etiladi

Zangiota, Chinoz, Ohangaron, Angren, Parkent va Bo‘stonliq tumanlarini bog‘laydigan «Toshkent viloyatining oltin halqasi» tashkil etilmoqda. Bu bo‘yicha bosh reja tuzilib, infratuzilma davlat tomonidan rivojlantiriladi.

Davlat tashkilotlaridagi qorovullik bo‘linmalari xodimlarining vazifalari belgilandi

Hukumat qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarining qorovullik xizmatlari huquqbuzarliklar kuzatilsa, IIB va Milliy gvardiya xodimlariga xabar beradi. Ular kelguncha, hodisa izlari saqlanishini ta’minlaydi. Ular xabar bergan jinoyat bartaraf etilsa, 1 martalik pul mukofoti olishi mumkin.

Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etildi

Hukumat qarori bilan Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paraolimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etildi. Mutaxassislar «El-yurt umidi» jamg‘armasi yordamida xorijda malaka oshirib keladi.

USAID ta’limni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha $5,35 mln ajratdi

USAID tomonidan qo‘shimcha ajratilgan $5,35 mln grant Xalq ta’limi vazirligi bilan ingliz va o‘zbek tillari, matematika va IT fanlarni o‘qitishni takomillashtirish, shuningdek, 8−11-sinf o‘quvchilariga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Haftaning birinchi qismida yog‘ingarchiliklar kuzatiladi

O‘zbekiston hududida haftaning birinchi yarmida yomg‘irli ob-havo kuzatiladi. Payshanba va juma kunlari esa yog‘ingarchiliksiz o‘tadi. Harorat kunduzi +25 darajagacha iliq, kechasi +8 daraja atrofida bo‘ladi.

Turkiyaning ECC Environmental Ltd kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirmoqda

Turkiyaning qurilish, energetika va infratuzilmaviy rivojlanish loyihalarini amalga oshiruvchi kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni reja qilmoqda. Tomonlar yil oxirigacha tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qilish uchun uchrashishga kelishib oldi.

Iste’dodli ijodkorlarga «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» milliy mukofoti beriladi

Hukumat qarori bilan madaniyat va san’atni yuksaltirish, uning xalqaro nufuzini oshirishda katta hissa qo‘shganlar «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» madaniyat va san’at milliy mukofoti bilan taqdirlanadi. Bunda 20 ta nominatsiya bo‘yicha har bir yo‘nalishda eng yaxshi 3 nafar nomzod tanlab olinadi va ovozga qo‘yiladi.

Seysmik faol zonalarda quriladigan obyektlarga ilmiy xulosalar beriladi

Hukumat karori bilan seysmik faol zonalarda quriladigan obyektlarga ilmiy xulosalar beriladi. Loyiha-smeta hujjatlari zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosa va ekspertizadan o‘tkazish uchun FAga yo‘naltiriladi. Shundan so‘ng, 3 oygacha tajriba-sinov natijalari asosida ilmiy xulosa qabul qilinadi.

Uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish soddalashtirildi

1 dekabrdan Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorlari subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan chiqarib tashlanadi. Subsidiyaga talabgorlarni tanlab olishda ma’lumotlar subsidiya.idm.uz dasturida yig‘iladi.

Toshkentda Farhod ko‘chasining bir qismi 5 kunga yopiladi

Toshkent shahrida Farhod ko‘chasining Kichik halqa avtomobil yo‘lidan Lutfiy ko‘chasigacha bo‘lgan qismi 17−21 oktabr kunlari qisman yopiladi. Bu vaqtda yo‘l-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Islom moliyasi haqida nimalarni bilamiz?

Hozirda islom moliyasi sektori yiliga 15% dan 25% gacha o‘sib bormoqda, bu yo‘nalishdagi institutlar esa jahonda $2,7 trlndan ortiq aktivlarni boshqarmoqda. Islom moliyasining O‘zbekistondagi o‘rni qanday? Foiz bo‘lmasa, foyda qayerdan keladi? Undan kimlar foydalana oladi? Javoblar — «Gazeta.uz» materialida.

E’tibor berishlarini kutish befoyda — hayqirish kerak!

Ona tiliga ehtiyoj sezmagan ijtimoiy sharoit tirik tilni ham o‘ldirishi mumkin. Xulosa aniq: xato qilishdan qo‘rqmay ona tilini faol nutqiy vaziyatda charxlash lozim. E’tibor berishlarini kutish befoyda — hayqirish kerak!, deb yozgandi Irisali Toshaliyev 1991 yildagi maqolasida.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun nega sust bajarilyapti?

Davlat tili haqidagi qonun sustkashlik bilan amalga oshirilayotganining sababi muttasil nazoratning yo‘qligidir… Xullas davlat tili haqidagi qonunni amalga oshirish avvalo rahbariy tashkilotlarning harakatiga bog‘liqdir, deb yozgandi G‘anijon Abdurahmonov bundan 30 yillarcha muqaddam.