Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlar uyushmasi (UTID) raisi Dovud Azmi Erbash va ECC Environmental Ltd vakillari Jenk Seran, Metyu Martin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

UTID raisi turk ishbilarmonlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga va sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, kompaniyaning qurilish, energetika va infratuzilmaviy rivojlanish yo‘nalishlarida qator loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdorligi qayd etildi.

Tomonlar loyihaga tayyorligini tasdiqlagan holda muhokama qilingan yo‘nalishlar doirasida o‘zaro hamkorlik qilish hamda joriy yil oxirigacha tegishli vazirlik va idoralar bilan loyihalarni yana muhokama qilish uchun kompaniya O‘zbekistonga keladi.

Ma’lumot uchun, kompaniya fuqarolik infratuzilmasini, turar-joy va aralash maqsadli loyihalar, savdo va ishlab chiqarish obyektlari, shifoxonalar, suv ta’minoti tizimlari, sanitariya, energetika infratuzilmasini loyihalash va qurilishini boshqarish kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan.

U 37 yildan ortiq faoliyat yuritib kelmoqda va shu kungacha besh qit’ada 38 mamlakatda jihozlarni o‘rnatish ishlarini yakunladi. Kompaniya tuzgan joriy shartnomalar qiymati 22 milliard dollardan oshadi, loyihalarning zaxira portfeli esa 1,2 milliard dollarni tashkil etadi.