AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bilan mavjud Ta’lim tizimini rivojlantirishda ko‘maklashish grant shartnomasiga (DOAG) qo‘shimcha 5,35 million dollar ajratdi. Bu haqda AQSh elchixonasi axborot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

DOAG USAIDning 2019−2026 yillarga mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta’lim tizimini keng qamrovli isloh qilish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligining dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 55 million dollar sarmoya kiritish majburiyatini tavsiflaydi.

Yangi mablag‘lar davom etayotgan dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. USAID ingliz, o‘zbek tillari, matematika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘qitishni takomillashtirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi bilan o‘qituvchilar malakasini oshirish, darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar bilan ta’minlashda hamkorlik qiladi.

Qo‘shimcha mablag‘lar shuningdek, 8−11-sinf o‘quvchilarini kelajak iqtisodiyotida ish o‘rinlarini ta’minlash va yaratish uchun zarur bo‘lgan tadbirkorlik va iqtisodiy ko‘nikmalar bilan ta’minlash bo‘yicha USAIDning vazirlik bilan olib borayotgan ishlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

«Ta’lim qashshoqlikni kamaytirish va salomatlik, tenglik, tinchlik va barqarorlikni yaxshilash uchun kuchli vositadir. Bolalar va yoshlar maktabga borishga, yashash va ishlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganishga va egallashga tayyor bo‘lsa, ular o‘zlari, oilalari, jamiyatlari va mamlakati uchun yaxshi kelajak qurishlari mumkin», — ta’kidladi USAID missiyasi direktori Mikaela Meredit.

«Ishonchim komilki, yaqin hamkorlik aloqalarimiz davom etar ekan, biz USAIDning qo‘shimcha sarmoyasi vazirlikni ta’limni isloh qilish maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi missiya rahbari.