Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, Qibray tuman bo‘limi va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 90 gektar yer maydonini 30 000 AQSh dollari evaziga sotishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.T. fuqaro N. ga yerni auksion orqali 49 yil muddatga foydalanish uchun yutib berishni va’da qilgan. Gumonlanuvchi «Istiqlol» MFY hududidagi ushbu yer maydonini O‘rta Chirchiq tumani qurilish bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.

Shunga o‘xshash holat departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ham aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Z.S. boshqa bir fuqaro S.ning ishonchiga kirib, Buxoro tumani, «Kulonxona» MFY hududidagi o‘zi noqonuniy foydalanib kelgan zaxiradagi 8 sotix yer maydonini tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, evaziga 7 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.