Toshkentda «O‘zbekiston ftiziatriyasi asosi — profilaktika, diagnostika va davolashdagi innovatsiyalarning yaratilishi hamda istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, unda vazirlik vakillari va JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, «Chegara bilmas shifokorlar» xalqaro muruvvat tashkiloti London idorasi, Silni to‘xtatish (Stop-TB Partnership) tashkiloti, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), OITS, sil va bezgakka qarshi kurash Global jamg‘armasi vakillari, ftiziatriya va pulmonologiya sohasiga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirok etgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tuberkulyoz va surunkali nospetsifik o‘pka kasalliklariga qarshi kurashish, ularni eng zamonaviy usullar asosida samarali davolashga xizmat qiluvchi yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi.

O‘zbekiston ftiziatriya xizmati roppa-rosa bir asrlik tarixga ega. Keyingi yillarda profilaktik chora-tadbirlar tufayli O‘zbekistonda sil, gepatit va shu kabi epidemiologik xastaliklarga chalinish holatlari sezilarli darajada kamaydi.

Unda keltirilishicha, bugun jahon miqyosida dorilarga moslashuvchan sil bilan kasallangan bemorlarning davolash samaradorligi 85 foizni tashkil qilmoqda. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 91 foizga teng.

Avvallari mazkur xastalikka chalingan bemorlar 8−10 oylab shifoxonada davolangan bo‘lsa, bugun bu jarayon o‘rta hisobda 60 kunni tashkil qilmoqda. Boisi, markaz mutaxassislari muolaja jarayonida yuqori texnologiyalarga asoslangan ilg‘or jarrohlik amaliyotlarini qo‘llaydi.

Qolaversa, xavf guruhiga kiruvchi aholi, xususan, fertil yoshidagi ayollar va o‘smir qizlar flyuorografik tekshiruvlardan muntazam o‘tkazilayotgani sabab O‘zbekistonda tuberkulyoz bilan kasallanish 2 marotaba, xastalik tufayli o‘lim holatlari esa 6 marotabaga kamaydi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi «Chegara bilmas shifokorlar» bilan hamkorlikda ushbu kasallikni davolashda eng so‘nggi ilm-fan yutuqlarini qo‘llagan holda qisqa, samarali va xavfsiz yangi dastur amalga oshirilayotganini e’lon qildi. Mazkur yangi loyiha SMARRTT (rifampitsinga rezistent tuberkulyoz kasalligi uchun olti oylik peroral rejimlari) deb nomlanib, dunyoning bir qator mamlakatlarida o‘tkaziladi.

Aytish kerak, bunday davolanish muddati avvalgidek ikki yil yoki undan ko‘p vaqt emas, balki atigi olti oyni tashkil qiladi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan klinik tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu muolaja rejimini o‘zining yangilangan davolash ko‘rsatmalariga kiritilishini e’lon qildi.

Avvalroq, AQSh O‘zbekistonga 141 ming dollarlik silga qarshi skrining uchun foydalanadigan 2 ta portativ rentgen uskunalarini taqdim qilgani haqida xabar berilgandi.