20 oktabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida DP World kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi infratuzilmaviy rivojlanish, logistika va elektron tijorat sohasidagi bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

DP World vakillari O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun joriy qilingan imtiyoz va preferensiyalar hamda ularning faoliyati kafolatining me’yoriy — huquqiy bazasi bilan batafsil tanishdi.

Transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan, transport-logistika markazlarini yaratish va logistika jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar O‘zbekistonda kompaniyaning samarali faoliyati uchun eng jozibali va ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida kompaniya vakillari Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazini qurishga qiziqish bildirdi, o‘z navbatida vazirlik rahbariyati qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, DP World dunyodagi eng yirik port operatorlaridan biri bo‘lib, 2005 yilda Dubai Ports Authority va Dubai Ports International birlashishi natijasida tashkil etilgan. Kompaniya 78 ta dengiz va ichki terminallarga ega. Ular kompaniyaning oltita qit’aning 40 mamlakatidagi 50 dan ortiq korxonalari tomonidan boshqariladi. Kompaniya asosan rivojlanayotgan va rivojlangan bozorlarda faoliyat yuritadi. Uning tarkibiga portlar va terminallar, sanoat parklari, logistika va iqtisodiy zonalar, yaxtalar to‘xtaydigan joylar kiradi.