Qarshi shahar sobiq hokimi Jamshid Fozilovga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, J.Fozilov 2016 yil 09 iyul kunidan 2019 yil 26 oktabr kuniga qadar Qarshi shahar hokimi mansabdor shaxs lavozimida ishlab kelgan. Shu vaqt davomida o‘ziga berilgan mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni sodir etgan.
Xususan, u Qarshi shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish doimiy komissiya a’zolari, shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari U.Avazov, shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Sh. Buxarov, shahar bosh arxitektori Sh.Bo‘ronov, Davlat kadastrlari palatasi Qarshi shahar filiali boshlig‘i M.Xushov va boshqalar bilan Qarshi shahri hududidagi yer maydonlari hamda boshqa infratuzilma obyektlarini noqonuniy ravishda soxta hujjatlar asosida berish haqida oldindan jinoiy til biriktirgan.
Oqibatda 2018−2019 yillar davomida 54 ta holatda umumiy qiymati 60 mlrd 512 mln so‘m bo‘lgan jami 463 212,13 m² yer uchastkalarini jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘z kuchini yo‘qotgan Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki qaror qabul qilishda asos bo‘lmagan boshqa soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib tayyorlangan dalolatnomalarga asosan, auksion savdolari o‘tkazmasdan, noqonuniy yer ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish orqali talon-toroj qilinishiga sababchi bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 20 oktabrdagi ajrimiga ko‘ra, Jinoyat protsessual kodeksining 242−2-moddasiga asosan viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan qamoqqa olish tarzidagi iltimosnoma rad etilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sudning mazkur ajrimiga nisbatan Qarshi shahar prokurori tomonidan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida protest keltirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining yakuniy to‘xtamidan keyin jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildirilishi ma’lum qilindi.