2022/2023 yilning kuz-qish mavsumida aholiga 10 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktabr kuni o‘tgan kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Unda energetika vaziri va viloyat hokimlari 23 sentabr kuni chiqqan «Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida hisobot berdi. Qarorga ko‘ra, olis hududlarda ko‘mir, gaz va oziq-ovqat zaxiralari yaratilishi kerak edi.

Qayd etilishicha, buning uchun IV chorakda 21 mlrd kilovatt soat, 2023 yil boshida qariyb 22 mlrd kilovatt soat elektr ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholiga 10 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi belgilangan.

Davlat rahbari bu jarayonda isrofga yo‘l qo‘ymaslik uchun gaz quduqlaridan iste’molchigacha bo‘lgan tizimni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, tabiiy gaz tarmog‘idan uzoqdagi qishloq va ovullar, ijtimoiy obyektlarga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib beriladi. Prezident qaysi hududga yana qo‘shimcha zaxira kerak bo‘lsa, ta’minlab berilishini ta’kidladi, dyiladi xabarda.

«Barcha tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada mas’uliyatini ikki karra oshirib, aholini rozi qilishi, hech bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmasdan, tezkor hal etishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Energetika vazirligiga aholining energiya manbalari bilan ta’minlanganlik holatini real vaqt tartibida muntazam nazorat qilib borish topshirildi. Yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda «call-markaz»lar va hududiy ishchi guruhlar faoliyati muhim ekani qayd etildi.

Energiya manbalarini iqtisod qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Dunyoda energetika sohasida ro‘y berayotgan muammolar mintaqaga ham ta’sir ko‘rsatayotgani, bunday vaziyatda tejamkorlik dolzarb ekani qayd etildi. Shu bois barcha muassasalarda energiya tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, odamlarning bu borada daxldorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklarining barqarorligini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Kreditlar evaziga ishga tushirilgan loyihalarni to‘liq quvvatga olib chiqib, ularning muddati o‘tgan qarzdorligini kamaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.