Andijon viloyatining Andijon tumaniga hamda Xorazm viloyatining Gurlan tumaniga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mamatkarimov Baxtiyor Rustamovich Andijon tumani hokimi bo‘ldi. Tayinlovga qadar u «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvi raisining moliya va marketing bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Baxtiyor Mamatkarimov. Foto: O‘zA
Shuningdek, Jumaniyazov Umrbek Matkarimovich Gurlan tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Tayinlovga qadar u «Mikrokreditbank» ATB boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan.
Umrbek Jumaniyazov. Foto: O‘zA
Bundan tashqari Surxondaryo viloyat hokimining qarori bilan unga ikki o‘rinbosar tayinlandi.
Xususan, O‘ralov Sirojiddin Shodmon o‘g‘li viloyat hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i kotibiyati mudiri etib tayinlandi.
U 1996 yilda Qumko‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2018 yilda Termiz davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan. Hozirda ushbu universitetning iqtisodiyot yo‘nalishi sirtqi ta’lim shaklida 4- bosqichda o‘qiydi. Shu kungacha ushbu kotibiyatda bosh mutaxassis vazifasida ishlab kelgan.
Sirojiddin O‘ralov. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
Xalilov Akramjon Rustamovich esa viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri bo‘ldi.
Akramjon Xalilov. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.
Akramjon Xalilov 1993 yilda Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2017 yilda Termiz davlat universitetining informatika o‘qitish metodikasi fakultetini tamomlagan. Hozirda ushbu universitetning moliya yo‘nalishi sirtqi ta’lim shaklida 4-bosqichda tahsil olmoqda. U shu kungacha ushbu kotibiyatda bosh mutaxassis vazifasida ishlab kelayotgandi.