O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Ulug‘bek Kurbanov prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — prezident protokoli rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
U mazkur lavozimgacha ham prezident protokoli rahbari sifatida ishlab kelgan.
Prezident protokoli xizmatining vazifasi
Aksar mamlakatlarda Prezident protokoli xizmati faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- Mamlakat prezidenti va birinchi xonimning xorijiy tashriflari va mamlakat hududlariga ishchi safarlarini, shuningdek, boshqa ichki va xalqaro tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish;
- davlat rahbari ishtirokida xorijiy tashriflar, respublika hududlariga ishchi safarlari va boshqa tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish;
- davlat organlari va tashkilotlarining mamlakat prezidenti hamda birinchi xonimi ishtirokida ichki va xalqaro tadbirlarni protokoli va tashkiliy tayyorlash va o‘tkazish masalalari bo‘yicha ishini muvofiqlashtirish;
- xorijiy davlatlar rahbarlari faoliyatini protokol va tashkiliy jihatdan ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajribani tahlil qilish asosida protokol va tashkiliy amaliyotni takomillashtirish;
- mamlakat prezidenti nomidan xorijiy davlatlarning davlat va hukumat rahbarlariga, xorijiy davlatlarning taniqli siyosiy hamda jamoat arboblariga turli xarakterdagi murojaatlarni tayyorlash va yuborish.