Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida 6 yoshli qizaloqqa tegajog‘lik qilishda ayblanayotgan R.Sh.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda, deya xabar berdi poytaxt sudlari matbuot xizmati.
Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi avvalroq voqea yozda yuz berganini ma’lum qilgandi.
Jabrlanuvchining onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan va erkak 24 soat ichida kuzatuv kameralari orqali topilgan. Nemolchi.uz ma’lumotiga ko‘ra, psixologik ekspertiza qizchada «jinsiy zo‘ravonlikdan keyingi alomatlarga o‘xshash stress» mavjudligini aniqlagan.
Qayd etilishicha, erkak Jinoyat kodeksining 119 moddasi 4-qismi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish / eng yuqori jazo 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) va 129-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish / eng yuqori jazo 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) bilan ayblanmoqda.
Jinoyat ishi 11 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga kelib tushgan. Sud muhokamasi 17 oktabrdagi ajrim bilan 26 oktabr kuniga yopiq sud majlisida ko‘rish uchun tayinlangan. Hozirgi vaqtda ish yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.
Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini tergovchi ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun aybsizlik prezumpsiyasi va jinoiy javobgarlik borligini eslatib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tergov harakatlari jarayoni videotasvirlari oshkor qilinganligi qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi va sudning ishni xolisona ko‘rib chiqishiga to‘sqinlik qilish uchun o‘tkazilayotgan bosim sifatida baholanishi ma’lum qilinadi, deyiladi xabarda.