Toshkent viloyati IIBB va Prokuraturasi xodimlari tomonidan 1 tonna sifatsiz go‘sht mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi IIBB Axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor reyd davomida Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi va Prokuratura departamenti xodimlari 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro B.T. (qassob)ga tegishli tuman «Gulbog‘» mahallasida joylashgan (noqonuniy) «qushxona» xolislar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tekshirish davomida qushxonada sanitariya talablariga javob bermaydigan holatda saqlanayotgan, inson hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan (tekshiruv xulosasi bilan) vazni 1,2 tonna (271 kg) go‘sht mahsulotlari daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olindi.


Mazkur holat yuzasidan fuqaro B.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.