Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni odil sudlovni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda sud sohasidagi muammolar tahlil qilinib, sohani isloh qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, har yili o‘rtacha 1,5 mln aholi sudlarga murojaat qiladi. «Viloyat sudlari odil qaror chiqarish bo‘yicha yetarlicha mas’uliyat olmayotgani sababli ovoragarchiliklar ko‘p». Misol uchun, yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kelgan.

Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish eskicha davom etyapti. Advokatlarning o‘rni yuqori emas. Tergovchilar o‘z ustida ishlamay qo‘ygan, deyiladi xabarda.

«Sudga aralashuvlarning oldini olish uchun sudyalarning vakolat muddati uzaytirildi, maoshi keskin oshirildi. Ularni lavozimga tayinlash Sudyalar oliy kengashiga o‘tkazildi. Lekin bu borada haliyam ayrim bo‘shliqlar bor», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

Shu bois prezident sudlarda tortishuv muhitini shakllantirish, huquq-tartibot idoralari ishini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Viloyat sudlari mas’uliyatini oshirish, jinoyat ishini ayblov xulosasi va himoyachi fikri bilan birga qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman va viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Sudyalar hamjamiyatining vakolatlarini kuchaytirish, sudyalar sonini bosqichma-bosqich ko‘paytirish taklifi ma’qullandi.

Davlat rahbari sohada raqamlashtirishni kengaytirib, axborot tizimlarini uyg‘un qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.