Rossiyaning ayrim hududlaridagi OTMlarda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini mamlakatdagi davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabul qilish muddati uzaytirildi, deya xabar bermoqda Davlat test markazi matbuot xizmati.

Davlat komissiyasining 7-son bayoni bilan Rossiyaning Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berilgandi.

Keyinchalik Davlat komissiyasining 8-son bayoni bilan Qrim va Sevastopol hududlaridagi OTMlarda tahsil olayotganlarining ham o‘qishini ko‘chirishga imkon berildi.

DTM xabariga ko‘ra, mazkur bayon bilan yuqorida qayd etilgan hududlardagi OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddatlari 10 kunga uzaytirildi. Avvalgi muddat 1 noyabrdan 20 noyabrgacha etib belgilangandi.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan O‘zbekiston fuqarolari 30 noyabrga qadar my.dtm.uz sayti orqali onlayn ariza berishlari mumkin.