15 noyabr kuni BAAning O‘zbekistondagi elchixonasida Air Arabia aviakompaniyasi tijorat menejeri Akram Al Ismoil boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda aviaqatnovni maqsadli auditoriya orasida targ‘ib qilish, O‘zbekistonning boshqa shaharlariga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatlari, oziq-ovqat mahsulotlarini aviaqatnov orqali BAAga eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, aviakompaniya vakillari yuklarni tashish bilan bog‘liq batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda taqdim qilinishini, 2023 yil davomida aviakompaniyaning Abu-Dabidagi tayanch aeroporti ixtiyoridagi samolyotlar soni 8 tadan 15 taga ko‘payishi kutilayotganini va shunga muvofiq Samarqand yoki Buxoro shaharlariga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Muzokaralar jarayonida aviakompaniya 2019 yilda O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlariga mahalliy tur agentlar ishtirokida tanishtiruv turlarini tashkil qilgani va ushbu tajribani hamkorlikda qayta tashkil etish istagini bildirdi. Buning uchun esa aviakompaniya O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar tashkil etuvchi turizm korxonalarining targ‘ibot materiallariga ehtiyoj sezishi ta’kidlandi.

Shuningdek, uchrashuv davomida Yevropadan O‘zbekistonga aviaqatnovlar soni kamligi uchun mazkur aviakompaniyaning Etihad airways aviakompaniyasi bilan kelishuviga muvofiq sayyohlik kompaniyalari ikki aviakompaniya reyslarida tranzit maqsadida foydalanishi mumkinligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, aviakompaniya vakillari joriy yilning 18 noyabrida ochilishi kutilayotgan Shayx Zoid meros festivalidagi «O‘zbekiston» paviloniga taklif etildi hamda yangi aviaqatnovni mazkur pavilon orqali keng targ‘ib qilishga kelishildi.

Ma’lumot uchun, Air Arabia aviakompaniyasi, asosan, A-320 rusumidagi samolyotlar bilan ta’minlangan bo‘lib, Sharja shahridan Toshkent shahriga haftasiga 3 marta qatnovlarni amalga oshiradi.

Ikki davlat aviatsiya idoralari kelishuvlariga muvofiq aviakompaniya 7 dekabrdan boshlab haftasiga 2 marta Abu-Dabi — Toshkent — Abu-Dabi yo‘nalishida 999 BAA dirhamidan (3 mln so‘m) boshlangan narxlarda parvozlarni yo‘lga qo‘yishga erishilgan, kelgusida ushbu qatnovlarni haftasiga 7 martagacha oshirish kutilmoqda.

Mazkur narxlar yo‘lovchi yukisiz hisoblanganiga qaramasdan, aviakompaniya tomonidan agar chiptalar aviakompaniya sayti orqali xarid qilinganda 35 BAA dirhami (106 ming so‘m) evaziga Toshkentga 40 kg, Abu Dabiga 30 kg yuk tashish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 9 sentabrda «O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan Air Arabia kompaniyasiga «Abu-Dabi — Toshkent — Abu-Dabi» yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgandi.