O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi sohasida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyor va Mintaqaviy iqlim kengashini tuzish tarafdori. Bu haqda Senat raisi Tanzila Narbayeva Misrning Sharm al-Shayx shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (SOR-27) tomonlarining 27-konferensiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonning asosiy maqsadi — amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarga „yashil“ iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishishdir. Bu yo‘nalishda iqtisodiyotning barcha sektorlarida ugleroddan kamroq foydalanishga o‘tish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi», — dedi Tanzila Narbayeva.


Parij bitimi doirasida O‘zbekiston 2030 yilgacha YAIM birligiga issiqxona gazlarini chiqarishni 35 foizga kamaytirish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirish boshlandi.

2026 yilga kelib «yashil» energetika ulushini 8 ming MVtga yetkazishni rejalashtirilmoqda, bu esa karbonat angidrid gazi chiqarishni 5 mln tonnaga kamaytirish imkonini beradi. 2030 yilga kelib iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini esa kamida 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, u har yili 200 mln tup daraxt va buta ekishni nazarda tutuvchi «Yashil makon» umummilliy loyihasi haqida gapirdi. Uning natijasida besh yildan so‘ng shaharlardagi ko‘kalamzor maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Orol dengizi inqirozi bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmoqda. So‘nggi besh yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 mln gektardan ortiq o‘rmon plantatsiyalari barpo etilgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,5 mln gektargacha yoki hududning qariyb 80 foizini tashkil etadi. BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi bilan Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilindi.

«Keyingi yilda O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi kurashish va yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha BMTning ikkita yirik tadbirini o‘tkazish rejalashtirilmoqda», — dedi Tanzila Narbayeva. U barcha xalqaro hamkorlarni ushbu forumlar ishida ishtirok etish taklifini bildirdi.