14−16 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Erta yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik va ta’lim bo‘yicha Butunjahon konferensiyasining so‘nggi kunida dunyoning 150 ga yaqin davlati vakillari YUNESKOning Toshkent deklaratsiyasini qabul qildi, deya xabar beradi tashkilotchilar.

Toshkent deklaratsiyasi 2030 yilgacha bo‘lgan davrda erta yoshdagi bolalar ta’limining xalqaro kun tartibini belgilashga qaratilgan. Ushbu hujjat konferensiya doirasidagi maslahatlashuv jarayoni orqali tayyorlangan va imzolangandan so‘ng BMTning oltita rasmiy tiliga tarjima qilinadi va YUNESKOga a’zo davlatlarga beriladi.

Deklaratsiya bir qator asosiy tamoyillarni o‘z ichiga oladi. Jumladan:

  • o‘quv dasturlari va pedagogikaning sifati va dolzarbligini oshirish;
  • barcha bolalar uchun teng va inklyuziv ta’lim xizmatlarini ta’minlash;
  • favqulodda vaziyatlarda ta’lim olish huquqlarini himoya qilish va kafolatlash.

Bu va boshqa qator vazifalar zamirida pedagog kadrlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalarni keng joriy etish va sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kabi fundamental omillar mujassam.

Eslatib o‘tamiz, YUNESKO bosh direktori Odri Azule anjuman ochilishida so‘zga chiqib, tashkilot 2022yilni ta’limga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni safarbar etish yiliga aylantirish niyatida ekanini ta’kidlagan edi. «Mana, Toshkentda biz yashamoqchi bo‘lgan jamiyat — o‘z farzandlariga g‘amxo‘rlik qiladigan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi va ularga munosib e’tibor qaratadigan jamiyat modelini belgilashimiz kerak», — dedi u.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev anjuman chog‘ida O‘zbekiston 2025 yilgacha bolalarning 80 foizini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, 6 yoshli bolalarni esa maktabgacha ta’lim dasturi bilan to‘liq qamrab olish niyatida ekanini ma’lum qildi.