Namangan shahridagi Usmon Nosir nomi bilan ataluvchi xiyobonda 13 noyabr kuni — shoir tavalludiga 110 yil to‘lgan kunda uning haykali ochildi. Monument prezidentning Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida o‘rnatilgan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, haykal muallifi — haykaltarosh Qodir Namozov.

Hokilmik axborotida haykalni ishlab chiqish va o‘rnatish xarajatlari haqida ma’lumot berilmagan; viloyat ma’muriyati matbuot xizmati «Gazeta.uz»ning so‘roviga javoban bu haqda ma’lumot bera olmasligini ma’lum qildi.

Prezident qarorida haykal o‘rnatishdan tashqari Toshkent va Namangandagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi berilishi ham qayd etilgan. Shuningdek, shoirning qatag‘on davrida kechgan hayoti va faoliyatini o‘rganish uchun ishchi guruhga IIV, DXX, shuningdek, Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratish haqida ko‘rsatma berilgandi.

Ma’lumot uchun, Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan viloyatida tug‘ilgan. «Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar» (1932), «Traktorobod» (1934), «Yurak» (1935), «Mehrim» (1936) kabi she’riy to‘plamlari, «Norbo‘ta» va «Naxshon» (1934) dostonlari nashr etilgan. Pushkinning «Bog‘chasaroy fontani», Lermontovning «Demon» («Iblis») dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Usmon Nosir 1937 yil 13 iyulda «xalq dushmani» sifatida hibsga olinib, dastlab Magadan, so‘ngra Kemerovodagi qamoqxonalarga yuborilgan va 1944 yil 9 martda — 31 yoshida o‘sha yerda vafot etgan.