2 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining rasmiy sayti xakerlar hujumiga uchragan edi. Tergov departamentining xabar berishicha gumondorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv vaqtida aniqlanishicha, 2022 yilning sentabr oyidan boshlab Norin tumani Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi voyaga yetmagan 16 yoshli M.B. boshqalar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, internet orqali kiberhujum uyushtirishga oid materiallarni ko‘rish orqali, ushbu yo‘nalishda noqonuniy hatti-harakatlarni o‘zlashtirib olgan.

Ular 2 noyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatiga tegishli bo‘lgan «www.senat.uz» veb saytiga hamda boshqa-boshqa saytlarga noqonuniy kiberhujumlar amalga oshirgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−2-moddasi 2-qismi «a» bandi (kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha kelgusi tergov harakatlarni amalga oshirish maqsadida IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga qabul qilindi. Tergov yakuniga ko‘ra barcha aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanishi qayd etildi.