Tarmoqlarda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida bog‘langan itni temir bo‘lagi bilan urib o‘ldirgan shaxs videosi tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu holatni sodir etgan erkak Xitoy fuqarosi H.S. ekanligi aniqlandi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekisining 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Ushbu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida (900 ming so‘m) jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, qo‘shma korxonaning qolgan ishchilari va rahbarlari bilan qayta shu turdagi huquqbuzarlikni sodir etmasligi yuzasidan tarjimon xizmatidan foydalangan holda profilaktik ishlar olib borildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning may oyida senatorlar Jinoyat kodeksiga hayvonlarga shafqatsiz munosabat haqidagi moddani kiritishni ma’qullashgandi. Qiynoq jonivorlarning mayib bo‘lishi yoki o‘limiga olib kelsa, BHMning 25 dan 50 baravarigacha jarima, jamoat yoki axloq tuzatish ishlari, shuningdek, 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash yoki qamoq jazolari qo‘llanilishi belgilangandi.

Oy oxirida esa ijtimoiy tarmoqlarda ikki bolaning kuchukni daraxtga osayotgani tasvirlangan video tarqalgandi. Sud bolalarning ota-onalarini 245 ming so‘m hamda voqeani videoga olgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan o‘rta maktab o‘quvchilarining har birini 2,4 mln so‘m miqdorida jarimaga tortgandi.

Shuningdek, 2022 yilning aprelida Toshkentning Chilonzor tumanida noma’lum erkak kuchukchani bolalarning ko‘z o‘ngida qattiq kaltaklagani aks etgan videolavhalar tarqalgandi. Toshkent IIBB holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlanganini xabar qilgandi.

Bundan tashqari, iyulda Jizzaxda yana bir Xitoy fuqarosi itni tiriklayin kuydirgandi. Unga nisbatan ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani tufayli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.