23 noyabr kuni va 24 noyabrga o‘tar kechasi JCH-2022ning navbatdagi 1-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. E guruhidan joy olgan Ispaniya — Kosta-Rika bahsida ispaniyaliklar raqiblariga umuman imkon berishmagan bo‘lishsa, F guruhidagi Belgiya — Kanada qarama-qarshilikda belgiyaliklar juda katta qiyinchilik bilan o‘yinda g‘alabaga erishishdi.
Ispaniya — Kosta-Rika 7:0
«Al-Tumama» stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda Ispaniya haqiqiy gollar yomg‘irini taqdim etdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kosta-Rika terma jamosida butun o‘yin davomida birorta ham xavfli vaziyat, aniqrog‘i, Ispaniya darvozasiga aniq zarba bo‘lmadi. Zarbalar bo‘yicha statistika: 15−0. Ushbu o‘yin orqali «Ispaniya shunchalik kuchlimi yoki Kosta-Rika shunchalik kuchizmi?» degan savolga javob ololmadik. Balki buning uchun keyingi turdagi Ispaniya — Germaniya qarama-qarshiligini kuzatish kerakdir.
Ispaniya — Kosta-Rika o‘yinidagi birinchi gol 11-daqiqada Dani Olmo tomonidan kiritildi. 1-taymdagi gollar paradini keyinchalik Asensio va Ferran Torres davom ettirishdi. Dastlabki taym 3:0 hisobi bilan yakunlandi.
Ispaniyaliklarning ishtahasi ochilib ketdi chog‘i, 2-taymda yana 4 ta gol kiritishdi. Ferran Torres dublga erishdi, Gavi ham qolib ketmadi — u Morataning pasidan so‘ng chiroyli tarzda to‘pni darvozaga mixlab qo‘ydi, zahiradan tushgan Soler ham bitta gol urdi, Alvaro Morataning o‘zi esa terma jamoa safidagi 27-golini kiritdi.
Yuqorida aytib o‘tganimdek, bu safar Ispaniya oldingi mundiallardagidan kuchliroqmi yoki jamoa Kosta-Rikaning bugungi sust o‘yinidan foydalandimi, hozircha aniq gap aytish qiyin.
Keyingi turda Ispaniya terma jamoasi Germaniya bilan, kosta-rikaliklar esa Yaponiya terma jamoasi bilan bahslashadi. Guruhdagi hozirgi holatda Ispaniya peshqadam, Yaponiya esa ikkinchi o‘rinda. Germaniya va Kosta-Rika esa keyingi o‘rinlarni band qilib turishibdi. Ehtimol keyingi turda ham yaponlar kechagi o‘yinini ko‘rsata olishsa, yana 3 ochko ishlab olishar. Bunday holatda Germaniyaning taqdiri aynan Ispaniya bilan bo‘ladigan bahsga bog‘liq bo‘lib qoladi. Germaniya keyingi uchrashuvni ham qo‘ldan boy bersa, mundial bilan ketma-ket ikkinchi bor guruh bosqichida xayrlashishadi.
Belgiya — Kanada 1:0
Ushbu bahsning ba’zi jabhalarida Kanada ko‘proq g‘alabaga loyiqdek ko‘ringan bo‘lishsa-da, tajribali belgiyaliklar o‘yinni minimal hisobdagi g‘alaba bilan yakunlashdi.
«Ahmad bin Ali» stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu bahsning 1-taymida Kanada terma jamoasi 11-daqiqadayok hisobda oldinga chiqib olishi mumkin edi. Ushbu daqiqada Belgiya darvozasiga penalti belgilandi. Biroq «Bavariya» futbolchisi Alfonso Devis ushbu 11 metrlik zarbani golga aylantira olmadi. Penaltidan keyin ham kanadaliklar tinmasdan hujum qilishdi. Biroq 1-taym oxiriga kelib belgiyaliklardan gol o‘tkazib yuborishdi. O‘yinning 44-daqiqasida Mishi Batshuayi o‘yindagi hisobni ochdi — 1:0.
2-taymda ham Kanada terma jamoasi o‘yinni yondirib tashladi. Umuman o‘yinning statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, Belgiya 6 ta, Kanada 14 ta zarba yo‘llaganini ko‘ramiz. Biroq har ikkala jamoadagi aniq zarbalar soni 3 taga teng. O‘yin oxirida belgiyaliklar mohirona tarzda «vaqtni o‘ldirishga» harakat qilishdi. Hakam 2-taymga 5 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Biroq bu vaqt kanadaliklar uchun kamlik qildi, hisob o‘zgarmadi.
Avvalroq ushbu guruhdan joy olgan ikki terma jamoa: Xorvatiya va Marokash o‘zara bahs olib borib, 0:0 hisobini qayd etishgan edi. Demak, Belgiya guruhda peshqadam bo‘lib oldi. E guruhining 2-turida Belgiya Marokash bilan, Kanada esa Xorvatiya bilan kuch sinashadi.