30 noyabrdan 2 dekabrgacha poytaxtdagi «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida «Ipak yo‘lida turizm» 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar qilmoqda.
Yarmarka O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, «Milliy PR-markazi» DUK, The says lot kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilmoqda.
Bu yilgi «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, 20 mingdan ziyod mahalliy, MDH davlatlari va yevropalik mehmonlarning tashrif buyurishi kutilmoqda.
Uch kun davomida forum va sessiyalar, B2B uchrashuvlar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, shuningdek, yarmarka tarixida birinchi marta mahalliy hamda xalqaro maydondagi dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Takidlash kerakki, yarmarka doirasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada Fransiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning turizm ma’muriyatlari o‘z milliy stendlari bilan qatnashmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro yarmarka doirasida gastrobozor ham tashkil etildi. Unda nufuzli xalqaro va milliy mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, yarmarka tarixida ilk bor O‘zbekiston hunarmandlarining ko‘rgazmasi tashkil qilindi va unda mamlakat madaniy merosini namoyish etuvchi xalqaro va milliy dizaynerlar ishtirokida nafaqat kiyim-kechak, balki zargarlik buyumlari ham namoyish etilmoqda.
Yarmarkaning birinchi kunida Turkiy Kengash davlatlarining turizm poytaxti maqomi Qo‘qondan 2023 yilda Ozarbayjonning Shemaxi shahriga o‘tishi munosabati bilan turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ramziy kalitni Ozarbayjon Davlat turizm agentligi raisi maslahatchisi Kenan Guluzadega topshirdi.
Shuningdek, yarmarka maydonlarida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Shveysariyaning Facetime Management Service (FMS) kompaniyasi o‘rtasida Shveysariya mehmondo‘stlik akademiyasi standartlarini O‘zbekistondagi turizm infratuzilma obyektlarida joriy qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, O‘zbekistondagi turizm infratuzilmasiga taalluqli bo‘lgan xizmat ko‘rsatish obyektlarida shveysarcha ta’lim tizimi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi.
Ma’lumot uchun, «Ipak yo‘lida turizm» xalqaro ko‘rgazmasi 1995 yildan buyon har yili BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda.