Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini otib qo‘ydi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

5 dekabr kuni tungi xizmatga chiqqan tuman IIB profilaktika inspektori katta leytenant A.U. IIBda o‘tkazilgan ertalabki yo‘riqnomaga kelmagan hamda u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.

O‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida katta leytenant A.U. yashash xonadonidan taxminan 3 km uzoqlikdagi Besarang qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanali yoqasidagi yo‘lining chetida o‘ziga tegishli bo‘lgan Spark avtomobilida o‘ziga biriktirilgan PM tabel quroli bilan bosh qismidan jarohatlangan. Xodim koma holatda topilgan va tibbiy muassasaga joylashtirilgan.

Aniqlanishicha, u 1xbet ilovasidan foydalanib, avgust oyida 45 mln so‘m yutqazganligi uchun qarzdorlik muammosi hal etilib, intizomiy tartibda jazolangan hamda viloyat IIB qoshidagi Intizomiy kengashning nazoratida bo‘lgan.

Hozirda holat viloyat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.