M-37 xalqaro avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati Buxoro tumanidan o‘tgan qismida YHXB xodimlari to‘y korteji bilan harakatlanib, yo‘l harakati qoidalarini buzgan uchta yuk mashinasini to‘xtatdi. Bu haqda IIV YHXX matbuot xizmati xabar berdi.

Unda aytilishicha, asli romitanlik aka-ukalar kenja ukasining to‘yini o‘zgacha o‘tkazish uchun to‘y kortejiga yuk mashinalarini qo‘shishni kelishib oladi.

E’lon qilingan videoda yuk mashinalari dastlab kichik yo‘lda ikki qatorni, keyin esa xalqaro trassada bir yo‘nalishni egallagan holda ilon izi tarzida harakatlanganini ko‘rish mumkin.

«Biz noto‘g‘ri ish qilyapmiz deb o‘ylamagan edik», — dedi kortej ishtirokchilaridan biri.

Haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, mashinalar jarima maydonchasiga joylashtirildi.