16−17 dekabr kunlari poytaxtga 204 ta avtobuslar olib kelinishi va yo‘nalishga chiqarilishi natijasida avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25−30 daqiqadan 10−12 daqiqaga qisqaradi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Shahardagi 148 ta yo‘nalishning 34 tasi muammoli ekani aniqlandi. Barcha yo‘nalishlarga 200 dan ortiq qo‘shimcha avtobus jalb etilgach, 17 ta yo‘nalishdagi muammo bartaraf etildi. Biroq aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun yana 21 ta yangi avtobus yo‘nalishi shakllantirilishi zarur.

Ta’kidlanishicha, poytaxtning 8 ta avtobus parklarining 1374 ta transport vositalari to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi, ulardan texnik nosoz holatdagi 259 ta avtobusning 89 tasi ta’mirlandi.

Haydovchilar tanqisligini bartaraf etish maqsadida 2425 nafar «D», «E» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati shakllantirildi, hozirga qadar ularning 140 nafardan oshiq ishga qabul qilindi.

«Avtobus saroylaridagi mavjud issiqlik, suv va shu kabi boshqa muammolar bartaraf etildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 13 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtda jamoat transportidan foydalanadigan 1,3 mln yo‘lovchi uchun avtobuslar yetishmayotganini tanqid qilgandi. Prezident eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish hamda haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berdi. Avvalroq buncha miqdordagi avtobuslarni 2025 yil oxirigacha sotib olish rejalashtirilgan edi.

Davlat rahbari tanqididan so‘ng ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va transport vaziri Ilhom Mahkamov ilk marta Toshkentdagi avtobusda ko‘rinish berdi. Ikki vazir aholi bilan jamoat transporti qulayligi va muammolari haqida suhbatlashgani ma’lum bo‘ldi.

Tarmoqlarda Po‘lat Bobojov va Ilhom Mahkamovning bunday suratlari kutilmagan va noyob hodisa sifatida talqin etildi.