Hukumatning 19 dekabrdagi [716-son] qarori bilan «Asosiy turdagi oziq-ovqat va zarur mahsulotlar narxlarining keskin tebranishi davrida asossiz oshirilmasligi bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatish va zarur choralar ko‘rish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, narxlarning keskin tebranishi holatlari yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda vakolatli organ tomonidan tahlil o‘tkaziladi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranish davri ushbu mahsulotlarning narxi oxirgi 30 kungacha bo‘lgan davrda Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng yoki undan yuqori darajada oshganda yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda, 6 oygacha bo‘lgan muddatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Asosiy turdagi tovarlar narxlarining o‘zgarish dinamikasini kuzatib borish maqsadida muntazam ravishda:

  • bozorlar, savdo komplekslarida, chakana savdo tarmoqlarida, birjalarda kunlik shakllangan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
  • statistika va bojxona organlari ma’lumotlarini (ma’lumot, byulleten va boshqalarni);
  • ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ma’lumotlarni to‘plash orqali monitoring o‘tkazib boradi.

Bozorda mahsulotlar (tovarlar)ning sun’iy taqchilligini keltirib chiqargan alomatlar aniqlanganda, vakolatli organ xo‘jalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kirish hamda ombordagi mavjud zaxiralarni xatlovdan o‘tkazadi.

Nizom qoidalari yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xom ashyo va materiallar, xususan bug‘doy va un,️ qolipli non, ️mol va parranda go‘shti, ️tuxum, ️paxta va ️kungaboqar yog‘i, ️guruch, ️shakar hamda qadoqlangan ️sut kabi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlarga nisbatan tatbiq etiladi.