Prezidentning «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan quyidagi davlat boshqaruvi organlari vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazilgan holda tugatiladi:

  • Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi — Qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, sanoatni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi — vazifa va funksiyalari tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi orasida taqsimlanmoqda;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi — vazifa va funksiyalari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilmoqda;
  • Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi — vazifa va funksiyalari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilmoqda;
  • Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi — vazifa va funksiyalari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilmoqda;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligi — vazifa va funksiyalari Suv xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilmoqda;
  • Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi — vazifa va funksiyalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda;
  • Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi — vazifa va funksiyalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda;
  • Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «O‘zbekchorvanasl» agentligi — vazifa va funksiyalari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi — vazifa va funksiyalari tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi orasida taqsimlanmoqda;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi — vazifa va funksiyalari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilmoqda;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi — vazifa va funksiyalari Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkazilmoqda.

2023 yil 1 yanvardan respublika davlat boshqaruvi organlari quyidagicha qayta tashkil etiladi:

Vazirliklar:

  • Xalq ta’limi vazirligi — negizida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi — negizida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi — negizida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Moliya vazirligi — negizida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Qurilish vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi — negizida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi — negizida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi — negizida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — negizida Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Turizm va madaniy meros vazirligi va Madaniyat vazirligi — negizida Madaniyat va turizm vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi — negizida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Maktabgacha ta’lim agentligi tashkil etilmoqda;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligi — negizida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Innovatsion rivojlanish agentligi tashkil etilmoqda;
  • Sportni rivojlantirish vazirligi — negizida Yoshlar siyosati va sport vazirligi tashkil etilmoqda;

Qo‘mitalar:

  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi — negizida Tabiat resurslari vazirligi tashkil etilmoqda;
  • Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi — negizida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashkil etilmoqda;
  • Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi — negizida Tog‘-kon va geologiya vazirligi tashkil etilmoqda;

Agentliklar:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi — negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tashkil etilmoqda.

Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan quyidagi respublika davlat boshqaruvi organlarining tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgaradi.

Qo‘mitalar:

  • Davlat statistika qo‘mitasi — Statistika agentligi shaklida qayta tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi — Mudofaa sanoati agentligi shaklida qayta tashkil etilib, Mudofaa vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi — Madaniyat va turizm vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi — O‘rmon xo‘jaligi agentligi shaklida qayta tashkil etilib, Tabiat resurslari vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Davlat soliq qo‘mitasi — Soliq qo‘mitasi shaklida qayta tashkil etilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Davlat bojxona qo‘mitasi — Bojxona qo‘mitasi shaklida qayta tashkil etilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi shaklida qayta tashkil etilib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi — Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi shaklida qayta tashkil etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda.

Agentliklar:

  • Yoshlar ishlari agentligi — Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi — Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi shaklida qayta tashkil etilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Kinematografiya agentligi — Madaniyat va turizm vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • «O‘zarxiv» agentligi — Adliya vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi — Dori-darmon va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkazilgan holda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda.

Inspeksiyalar:

  • Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi — Suv xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda.

Boshqa organlar:

  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuriga o‘tkazilmoqda.

Bundan avval farmonga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosarlari soni sakkiztadan to‘rttaga qisqartiriladi, bosh vazir maslahatchilari lavozimlari tugatilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga qisqartirildi.