«O‘zenergoinspeksiya» va ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Yangiyo‘l tumanida joylashgan Spring Kolours Industriy`ga qarashli tekstil mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonasi o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan holda foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Natijada 2,1 mln kVt-soat hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 1,4 mlrd so‘m qayta hisob amalga oshirildi.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 10,5 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.
Tadbirkorlik subyektiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlanish bo‘yicha nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Avvalroq, «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan 3 kunda 13 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moliga teng hajmdagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan holatni aniqlangandi. Buning natijada energetika tizimiga 1,16 mlrd so‘m zarar yetgandi.