Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni Xalqaro kongress markaziga borib, boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishgach, o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari bugungi kunda darsliklar o‘zgarayotgani, o‘qituvchilar ham shunga hamohang tarzda o‘zgarishi kerakligi, o‘zgarmaganlar esa ishdan olinishini aytib o‘tdi.
«Shuning uchun ham bugun sizlar bilan ko‘rishib, gaplashyapmiz. Bugun kechagidek dars berishni qabul qilib bo‘lmaydi. Buni ota-onalar ham, o‘quvchilar ham qabul qilmaydi. Ota-onalarning ham mas’uliyatini oshirishimiz kerak. O‘zim ham shanba-yakshanba kunlari nevaralarimning darslari bilan shug‘ullanaman. Ayniqsa, yakshanba kunlari vaqtim ko‘proq bo‘ladi, hamma darslarini birma-bir so‘rayman», — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, ta’limga jiddiy e’tibor berish, repetitor bir yilda bolalarga til o‘rgatgan paytda maktab 10 yilda ham o‘rgata olmasa, bu holat o‘ylantirishi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga davlat rahbari ota-onalarning munosabatini o‘zgartirish va ularning farzandlar uchun mas’uliyatini oshirish kerakligini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.