29 dekabr kuni prezidentning [PQ-462-son] «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, prezidentga hisobdor bo‘lgan, davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklidagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, jumladan:
- Prezidentning huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi;
- qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazadi va amalga oshirilishini monitoring qiladi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Institutga quyidagi sohalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazish yuklatiladi:
- ma’muriy islohotlar o‘tkazish sharoitida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning huquqiy muammolarini o‘rganish;
- konstitutsiyaviy islohotlarning siyosiy-huquqiy ustuvor yo‘nalishlari va uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish (davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish);
- normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bosqichida ularning tartibga solish ta’sirini baholash tizimini maqbullashtirish orqali «aqlli tartibga solish» loyihasini joriy etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy muammolarini o‘rganish.
Qarorga ko‘ra, Institut tomonidan o‘tkaziladigan fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi.