O‘zbekistonda 2022 yil dekabr oyida 15,7 mlrd so‘mlik yoki 177 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’moliga teng elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 719 ta holatda 35,5 mln kVt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Buning oqibatida tizimga 15,7 mlrd so‘m zarar keltirilgan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi Sirdaryo viloyati iste’molchilarining bir haftalik elektr iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari ko‘proq Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, Samarqand viloyatidagi Maroqand sifat tekstil MCHJda 2,3 mlrd so‘m, Toshkent viloyatidagi Spring Kolours Industriy MCHJda 1,4 mlrd so‘m, Andijon shahridagi F.X.S. MCHJda 684,17 mln so‘m miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.