O‘zbekistonda 10 yanvar kuni kuzatilayotgan noqulay ob-havo sharoiti, xususan, qor yog‘ishi aeroportlar ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, Flydubai aviakompaniyasining Dubay-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha reysi aeroportdagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli Navoiy shahridagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Soat 05:04 da samolyot qaytib Samarqandga uchdi.
«Qanot Sharq» aviakompaniyasining Moskva-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan samolyot aeroportdagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi. Samarqand aerodromida qordan tozalash ishlari olib borilmoqda.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Andijon-Samarqand-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha reyslari noqulay ob-havo sharoiti tufayli bekor qilindi.
Toshkent-Andijon-Toshkent reysi o‘zgartirilgan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Toshkentdan uchish mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da amalga oshiriladi, Andijon aeroportiga yetib kelish soat 14:00. Qaytish reysi mahalliy vaqt bilan soat 16:20 ga belgilangan.
Samarqand-Moskva, Samarqand-Sankt-Peterburg yo‘nalishidagi reyslari ob-havo sharoiti tufayli soat 15:00 ga qoldirildi.
Flydubai aviakompaniyasining Samarqand-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha reysi esa soat 19:00 ga ko‘chirildi. Hozirda Samarqand aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagini tozalash ishlari munosabati bilan havo kemalarini qabul qilish/jo‘natish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan.
Shuningdek, Buxoro-Namangan-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha reyslar noqulay ob-havo sharoiti tufayli bekor qilindi.
Noqulay ob-havo sharoiti sababli ayni paytda Toshkent aeroportida quyidagi yo‘lovchi reyslari kechiktirildi:
- Toshkent-Sochi mahalliy vaqt bilan 10:12 da jo‘nab ketdi;
- Toshkent-Nukus mahalliy vaqt bilan 10:30 ga qoldirildi;
- Toshkent-Istanbul mahalliy vaqt bilan 10:35 ga qoldirildi;
- Toshkent-Istanbul qatnovi mahalliy vaqt bilan soat 11:00 ga qoldirildi;
- Toshkent-Termiz mahalliy vaqt bilan soat 14:00 ga qoldirildi.
Abu-Dabi-Samarqand yo‘nalishida parvoz qilayotgan reys ekipaji Navoiydagi muqobil aerodromga qo‘nishga qaror qildi. Taxminiy qo‘nish vaqti, mahalliy vaqt bilan soat 10:32 da.
Parvozlar bo‘yicha tezkor ma’lumotlar Uzbekistan Airports`ning Telegram kanalida va aviakompaniyalarning onlayn resurslarida e’lon qilib borilmoqda.