Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha sud tergovi yakunlandi. Endi navbat — muzokaralarga

Qoraqalpog‘istondagi voqealar to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha sud yakunlovchi bosqichga o‘tmoqda: sud tergovi yakunlandi, endi navbat — muzokaralarga. So‘nggi kunlarda tomonlar ish bo‘yicha videomateriallar va boshqa ashyoviy dalillarni o‘rganishdi.

Marion Biotech kompaniyasi litsenziyasi to‘xtatildi. Uning dorisi O‘zbekistonda bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan

Hindistonda O‘zbekistonda bolalarning ommaviy o‘limiga aloqador yo‘tal siropini ishlab chiqargan kompaniya — Marion Biotech litsenziyasi to‘xtatildi. Hozirgacha «Dok-1 Maks» siropidan O‘zbekistonda 20 dan ortiq bola vafot etgan.

11 yanvardan hafta oxirigacha yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi

11 yanvardan hafta oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlarida, asosan, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechalari −12…−20 darajacha, kunduzi −5…−12 darajagacha pasayadi. Eng kuchli sovuq — Ustyurtda va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida −30 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari, kollej va litseylarida o‘qish bosqichma-bosqich boshlanadi

Oliy ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, oliy o‘quv yurtlari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktablari va akademik litseylarda o‘qish mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda 11 yanvardan bosqichma-bosqich boshlanadi. 20 yanvarga qadar yakuniy nazorat ishlari tashkil etilmaydi.

«Aytish va qaytish». Ijtimoiy tarmoqlarda kutilmagan vaqtda o‘qish boshlanishi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Anomal sovuq sabab ta’tili cho‘zilgan o‘quvchi-talabalar aynan sovuq kunlarda yana qayta o‘qishga chaqirib olindi. Ijtimoiy tarmoq faollari orasida bu qaror keng muhokamalarga, xususan, tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. «Gazeta.uz» holatga bildirilgan munosabatlarni bir yerga jamladi.

7 ta viloyatda qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

O‘zgidromet markazi 11−16 yanvar kunlari Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfini e’lon qildi.

Andijonda tez yordam inspektori pora olishi ortidan filial direktori ishdan bo‘shatildi

Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filiali kadrlar bo‘limi inspektori fuqarodan 400 dollar pora olganda ushlandi. Muassasa xodimlari orasida yetarlicha tushuntirish ishlarini olib bormagani uchun filial direktori va kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkentda qor tozalash ishlariga dekabr oyidagi vaziyatdan ko‘ra ko‘proq texnika va odamlar jalb qilinmoqda

Qorli Toshkent ko‘chalarini tozalashga dekabr oyidagi vaziyatga qaraganda ko‘proq texnika (200 dan ortiq) va obodonlashtirish xizmati xodimlari (6 mingga yaqin) jalb qilingan. Kechasi asosiy ko‘chalar qordan tozalandi va qum-tuz aralashmasi sepib chiqildi.

Prezident hokimliklarga yo‘llarni tozalash ishlarini topshirdi

Shavkat Mirziyoyev barcha darajadagi hokimlarga noqulay ob-havo davomida yo‘llarni tozalash ishlari va transport vositalarining xavfsiz harakatini tashkil etishni topshirdi. Hukumatga har bir viloyat, tuman va shahardagi ahvol bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish va muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent zooparki jonivorlari anomal sovuq kunlarda qanday saqlanmoqda?

Toshkent zooparki anomal sovuq kunlarda hayvonlar uchun qanday sharoit hozirlangani haqida ma’lumot berdi. Xususan, harorat markaziy isitish tizimi orqali ta’minlanadi, elektr uzilishi vaqtida generatorlar ishga tushadi. Ba’zi jonivorlar volerlariga somondan tayyorlangan tabiiy isituvchi sholchalar qo‘yildi.

Anomal sovuq kunlarda uylardagi issiq haroratni qanday saqlash mumkin?

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi anomal sovuq kunlarda uylarda qulay haroratni saqlagan holda isitish xarajatlarini qanday tejash mumkinligi bo‘yicha tavsiya berdi. Jumladan, isitish radiatorlarida kiyimlarni quritmaslik, mebelni radiatorlardan uzoqroq joylash kerakligi aytilgan.

Toshkentda «Ippodrom» bozori hududidagi soyabonlar qulab tushdi

«Chilonzor buyum savdo kompleksi»dagi soyabonlar qalin qorni ko‘tara olmay qulab tushdi. Hududdagi fuqarolar va tadbirkorlar evakuatsiya qilindi. Savdo do‘konlari vaqtinchalik yopildi. Qolaversa, «Bek baraka» savdo kompleksi ham noqulay ob-havo tufayli 3 kunga o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Surxondaryoda shifokor kaltaklandi

Boysun tumanida tibbiyot birlashmasi shifokori 2 kishi tomonidan kaltaklandi. Shifokor yengil jarohat olgan. Kaltaklaganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyatida bolasiga ilon tutqazgan ota tushuntirish xati yozdi

Tarmoqlarda yosh bolaning hovlida ilon ushlab, uni o‘ynab yurgani va bu harakatni amalga oshirishga uning otasi undayotgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent viloyati hokimligi holat Ohangaronda sodir bo‘lganini va bolaning otasiga tushuntirish xati yozdirilganini ma’lum qildi.

O‘qish jarayonlarini keyingi haftadan boshlash masalasini ko‘rib chiqishga chaqiramiz — «Yuksalish» harakati raisi

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov mas’ullarni o‘qish jarayonlarini keyingi haftadan boshlash masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. «Qarorni nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilinishi lozim», — dedi u.

Toshkentda mast erkak tanishini shisha idish bilan urib o‘ldirdi

Shayxontohur tumanida mast erkak uyiga kelgan tanishini shisha idish bilan urib jarohatladi. Oqibatda u voqea joyida vafot etdi. Aniqlanishicha, mezbon tanishining turmush o‘rtog‘i to‘g‘risida aytgan gaplaridan jahli chiqqan.

Samarqand aeroportidagi «yashil» yo‘lakdan pnevmatik to‘pponcha olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

«Samarqand aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan pnevmatik to‘pponcha olib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi. Undan olingan 1 dona kalibri 4,5 mm bo‘lgan pnevmatik to‘poncha hamda ushbu to‘pponchaga tegishli 4 dona siqilgan havo balonchalari va 89 dona o‘qlari tegishli tartibda yo‘q qilindi.

O‘zbekiston aeroportlarida bir qator reyslar bekor qilindi

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli O‘zbekistonning ayrim aeroportlarida parvozlar bekor qilindi, ba’zi reyslar kechiktirildi yoki boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi.

Qozog‘iston va Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar noqulay ob-havo tufayli ogohlantirildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya va Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni noqulay ob-havo tufayli yo‘llarda kuzatilayotgan noqulayliklardan ogohlantirdi. Ushbu davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolardan barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘raldi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportaj:

Foto: Qorga burkangan Toshkent

O‘zbekiston poytaxti yana oppoq bo‘ldi — 9 yanvar oqshomida boshlangan qor salkam 15 soatdan beri to‘xtagani yo‘q. Bu safar rasmiylar ham, aholi ham qor bo‘roniga oldindan nisbatan yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga ulgurdi. «Gazeta.uz» muxbirlari Toshkentning qor bo‘ronidagi manzaralarini fotosuratlarga muhrladi.

Tavalludiga 118 yil to‘lgan adib — Oybekning uy-muzeyiga sayohat

1905 yilning 10 yanvarida shoir, adib, jamoat arbobi — Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tug‘ilgan. Ijodkorni kelajak avlod ham yaqindan tanishi uchun asarlari qatori uy-muzeyi, undagi moddiy meros alohida qiymatga ega bo‘ladi. «Gazeta.uz» shoirni xotirlash maqsadida uning uy-muzeyida bo‘ldi.