O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida qishki ta’til yana uzaytirildi

Respublika hududlarida o‘qish boshlanishi yana boshqa sanaga qoldirildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Namangan, Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida o‘qish 23 yanvar, dushanbadan boshlanadi.

O‘zbekiston viloyatlarida ham harbiy dala oshxonalari tashkil qilinmoqda

Toshkent shahridan keyin Mudofaa vazirligi O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham harbiy dala oshxonalari va issiqlik punktlarini tashkil etayotganini ma’lum qildi.

Jizzaxda tibbiy markaz mansabdorlari yangi uskunalar puliga yaroqsiz jihoz xarid qilgani aniqlandi

Jizzax viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 245,2 mln so‘mga jarrohlik uskunalarini xarid qilish belgilangan. Ammo mansabdorlar bu pullarni talon-toroj qilib, boshqa yaroqsiz uskunalar olgan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga 1 mln so‘mgacha ustama beriladi

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, ️yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama beriladi. Shuningdek, yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan xodimlarga ham maoshining 100 foizigacha ustama belgilanadi.

Toshkent viloyatida ayol elektr ta’minoti korxonasi xodimiga pichoq bilan tahdid qildi

Chirchiq shahrida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozi bo‘lgan ayol elektr ta’minoti korxonasiga borib, korxona xodimiga pichoq bilan tahdid qildi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

SSV: 2022 yilda «Tez yordam»ga 13 milliondan ortiq chaqiriq kelib tushdi

2022 yil davomida «Tez yordam» xizmatiga 13 milliondan ortiq murojaat kelib tushgan, 1,1 million kishi kasalxonaga yotqizilgan. 2021 yilda bu chaqiriqlar soni 12,5 millionni tashkil etgandi.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida 6 ta yo‘nalishda hamkorlikka kelishib olindi

Shavkat Mirziyoyev Singapur rahbariyati bilan uchrashdi. Davlat boshqaruvi uchun kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, «yashil» texnologiyalarni jalb qilish, shaharsozlik va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, yangi orxideya turiga O‘zbekiston prezidenti nomi berildi.

Mudofaa vazirligi tomonidan Toshkent shahri bo‘ylab harbiy dala oshxonalari tashkil etildi

Poytaxt va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy dala oshxonalari tashkil etildi. U yerda fuqarolarga issiq choy va yeguliklar taklif etilmoqda.

Yangihayot tumanidagi yog‘och uylarning birida yong‘in chiqdi

Seshanba kuni ertalab Yangihayot tumanidagi yog‘och uylarning birida yong‘in chiqdi. Hech kim jarohat olmagan. Yong‘in yog‘ qizdirilgani ortidan yuz bergani taxmin qilinmoqda.

Zangiotadagi harbiy qismda qashqadaryolik 20 yoshli yigit vafot etdi

Bir yillik harbiy xizmat uchun Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismga ketgan 20 yoshli yigit o‘zini otib qo‘ygani sabab uyiga o‘lik holda qaytdi. Marhumning yaqinlari uni urib o‘ldirishgani, jasad tanasida jarohatlar borligini aytmoqda. Bosh prokuratura surishtiruv boshladi.

«Yuksalish» harakati energiya resurslari uchun qayta hisob-kitob qilishga chaqirdi

«Yuksalish» harakati davlat idoralarini energiya resurslari aholiga yetkazib berilmagan kunlar uchun qayta hisob-kitob qilishga, isinish xonalarini ochishga va murojaatlar uchun ko‘p funksiyali koll-markaz tashkil etishga chaqirdi. Energetika vazirligi qishga tayyorlanganlik holati bo‘yicha hisobot berishi ham kerak.

O‘zbekistonda maktablar vaqtinchalik onlayn ta’limga o‘tkazilishi mumkin — vazirlik

O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi viloyat hokimliklari bilan ob-havo sharoiti yaxshilanmaguncha maktablarni onlayn ta’lim tizimiga o‘tkazish masalasini muhokama qilmoqda.

Toshkent viloyatida er-xotin is gazidan vafot etdi

Chirchiq shahrida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ular uyni isitish maqsadida chala yongan ko‘mirni yotoqxonaga olib kirgan va undan chiqqan is gazidan zaharlangan.

Farg‘onada davlatga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan mayning fermalar aniqlandi

Farg‘ona viloyatining ikki hududida go‘yoki kompyuter texnikalari va muzlatkichlarni ta’mirlash sexlarini tashkil etib, amalda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan mayneng fermalar aniqlandi. Ular davlatga jami 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Toshkentda tilanchilik qilgan ayol onalik huquqidan mahrum etilishi haqida ogohlantirildi

Shayxontohur tumanida 2003 yilda tug‘ilgan ayol 2 farzandidan foydalanib, yo‘lning qatnov qismida tilanchilik qildi. Ichki ishlar xodimi hududni tark etishni so‘raganida unga qarshilik ko‘rsatdi. Bu faoliyati uchun oldin 11 marta ogohlantirilgan ayol holat yana takrorlansa, onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Video: Moldovada terrorizmda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi

Moldovada O‘zbekiston fuqarosi ushlandi. U terrorizmda ayblanmoqda. Ilgari qotillik qilishga urinib, qamoq jazosini o‘tagan erkak O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi kutilmoqda.

Banklarda dollar 11 400 so‘mdan sotila boshladi

Tijorat banklari 17 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 310 — 11 370 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 400 so‘m.

Ukraina bilan chegaradosh hududlardan o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilgan talabalar ro‘yxati tasdiqlandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ukraina bilan chegaradosh hududlardan o‘qishi O‘zbekistonga ko‘chirilishiga ruxsat berilgan talabalar ro‘yxatini tasdiqladi. Talabalardan hujjat topshirgan OTMlarining o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha mas’ullariga uchrashishi so‘raldi.

«Hududgaz Buxoro» korxonasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura Buxoro viloyatidagi 3 ta metan gaz quyish shoxobchasida 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilinganini aniqladi. Holat yuzasidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti korxonasi va shoxobchalar mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan reportajlar:

«Muzlar erimagunicha teginmaslik kerakligini aytgandim» — TerDU litseyidagi portlash jabrlanuvchisi

TerDU akademik litseyi qozonxonasidagi portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan edi. Qozonxonada sovuqlar boshlanganidan beri ketma-ket muammolar kuzatilgan. Hozirda litsey rahbariyati tergovga jalb etilgan. «Gazeta.uz» muxbiri voqeani o‘rgandi.

«Bu sovuqlar odamlarni beparvo qilib qo‘ymasa bo‘lgani». Ochiq osmon ostida ishlayotganlarning fikri va kayfiyati qanday?

20 darajali ayozda uyda isinish va issiq taom tayyorlash imkoniyatining yo‘qligi kishini nochorlik ko‘yiga solib qo‘yadi. Kimdir ishxonasida isinib olar, ammo hayotiy muhim xizmatlarning ishchilari ko‘chada ishlaydi. «Gazeta.uz» obodonlashtirish xizmati xodimlari bilan qahratondagi ish haqida suhbatlashdi.

«Biz, ko‘zi ojizlar, o‘z yog‘imizga qovurilib yashayapmiz». Toshkentdagi «jannat»ga qiyoslangan, lekin sovuq yotoqxonadan reportaj

Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzordagi ko‘zi ojizlar yotoqxonasida sutkalab chiroq o‘chayotgani, mas’ullar esa bunga e’tibor bermayotgani haqida xabarlar tarqaldi. «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov nafaqat qahratonda, balki jaziramada ham muammolar iskanjasida qoluvchi ushbu yotoqxonada bo‘lib qaytdi.