Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga tashrif buyurdi

Prezident rafiqasi bilan birga Bishkekka bordi. Aeroportda mehmonlarni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va uning rafiqasi kutib oldi. Tashrifning asosiy tadbirlari 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Energetika vaziri — O‘zbekistonda kelgusi qish mavsumiga tayyorgarlik rejasi haqida

Energetika vaziri O‘zbekistonda kelasi qishga tayyorgarlik rejasini ma’lum qildi. Bunda chekka hududlar to‘liq suyultirilgan gazga o‘tkaziladi va ko‘mir qozonlar quriladi, issiqxonalar hamda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar ko‘mirga o‘tkaziladi, quyosh elektr stansiyalari qurilishi jadallashtiriladi.

MB asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi. Sabablar

Markaziy bank asosiy stavkani 15% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator bu iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun yetarli, deb baholamoqda. Oxirgi uch oydagi inflyatsion kutilmalardagi o‘sish kelgusida inflyatsion xatarlar yuzaga kelishi ehtimollarini oshirgani qayd etildi.

O‘zbekistonda 2023 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 4,5−5 foizni tashkil etadi

Markaziy bank 2023 yil oxirigacha mamlakat iqtisodiyoti 4,5−5% darajasida o‘sishini prognoz qilmoqda. Kutilayotgan inflyatsiya darajasi esa 8,5−9,5% bo‘ladi. Bu yil pul-kredit siyosatining ta’sir doirasi bazaviy inflyatsiyaning o‘sish dinamikasi hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi xatarlar sabab qisqarishi mumkin.

O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida to‘qqizta oltin medalni qo‘lga kiritdi

Tailandda o‘tkazilayotgan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. O‘zbekistonlik bokschi yigitlar musobaqada 11 ta medal — 9 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronzaga sazovor bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonda ikki avtomobil bir-biriga yo‘l bermagani sabab yo‘lovchi halok bo‘ldi

Nukusda bir-biriga yo‘l bermagan Damas va Gentra to‘qnashib ketdi. Oqibatida Damas yo‘lovchisi jarohat olib, shifoxonada vafot etdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qambarota GES qurilishi bo‘yicha investitsiya shartnomasini imzoladi

O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi arafasida ikki davlat o‘rtasida Jalolobod viloyatida Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi. Loyihaning asosiy uch tomonlama bitimi iyul oyida imzolanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik jinoiy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi modda muhokamaga qo‘yilmadi

Senat ishchi guruhi oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat sifatida tan olish to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlagan. Ammo Adliya vazirligi hujjatni eng asosiy qismisiz muhokamaga qo‘ygan. Saida Mirziyoyevaning fikricha, oiladagi zo‘ravonlikka jinoiy jazo belgilanmas ekan, «bir joyda qotib turaveramiz».

Toshkentda 4 ta avtomashina ishtirokida YTH ro‘y berdi

Toshkentning Shayxontohur tumanida to‘rtta mashina — Spark, Lacetti, Nexia-3 va Matiz ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki haydovchi jarohat oldi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1,6 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolandi

Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida Bishkekda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan hujjatlar imzolandi. Ular orasida 300 million dollarlik investitsiya va 1,3 milliard dollarlik savdo shartnomalari mavjud.

Andijonda ayol va talaba qiz o‘ldirib ketildi

Xo‘jaobod tumanidagi xonadonlarning birida 62 yoshli ayol va uning 17 yoshli jiyanining jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Holat bo‘yicha tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.

Zominda bo‘rilar va Turkiston silovsini fotoqopqonlarga tushib qoldi

Tabiat resurslar vazirligi Zomin qo‘riqxonasidan ikki bo‘ri va bir Turkiston silovsini tasvirlangan fotoqopqon suratlarini namoyish etdi.

UzAuto Motors Tracker, Malibu va Equinox uchun shartnoma berishni qayta tikladi

UzAuto Motors 4 yanvar kuni avtomobillar uchun shartnoma tuzishni vaqtincha to‘xtatgandi. Xabar berilishicha, kompaniya Tracker, Malibu va Equinox uchun shartnoma berishni qayta tiklagan.

O‘zbekistonda moddiy yordamga muhtoj oilalarning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangidan tashkil etishni buyurdi. Bunda «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» bir tizimga birlashtiriladi, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi. 2023 yilda yana 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.

«Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi Qashqadaryo filiali sobiq boshlig‘i qamoqqa olindi

«Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi Qashqadaryo filiali sobiq boshlig‘i MCHJlardan birining rahbari bilan til biriktirib, jamg‘armaning 1,8 mlrd so‘m pullarini talon-toroj qilgan. Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, dastlabki tergov davomida 2 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Toshkentda savdo markazlari va istirohat bog‘larining ish vaqtiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi

Toshkentda elektr energiyasini tejash maqsadida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo-ko‘ngilochar markazlari hamda istirohat bog‘larining ish vaqtiga qo‘yilgan cheklov «havo harorati yaxshilanayotgani va holat barqarorlashayotgani» sabab bekor qilindi.

Namangan va Samarqandda tadbirkorlar jami 3 mlrd so‘mga yaqin kredit pulini o‘zlashtirgani aytilmoqda

Namanganning Norin tumanida tadbirkor attraksion jihozlari uchun ajratilgan qariyb 2,5 mlrd so‘m imtiyozli kreditni o‘zlashtirgan. Samarqandda kuzatilgan holatda esa yana bir tadbirkor kreditga olingan 416 mln so‘mlik metall buyumlarni sotib yuborgan. Hozirda 2 holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

Buxoroda bolalar «Sinepar» siropidan vafot etgani haqida yolg‘on xabar tarqatilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Buxoro prokuraturasi viloyatda 23 bola «Sinepar» siropini ichgach vafot etgani haqida yolg‘on axborot tarqatilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Banklarda dollar kursi 25 so‘mga oshdi

Tijorat banklari 26 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 250 — 11 330 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 350 so‘m.

Surxondaryoda bir kunda 13 nafar hokim almashdi

Surxondaryoning 13 ta tumanida xalq deputatlari kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida yangi hokimlar tasdiqlandi. Sessiyalarda viloyat hokimi v. b. Ulug‘bek Kosimov va O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi vakillari ishtirok etishdi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

Toshkent ramzlariga chizgilar: Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari

Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari toshkentliklarning bir necha avlodi uchun qadrdon joy, kitobsevarlar uchun esa jannatning o‘zginasidir. «Gazeta.uz» ushbu rastalar qanday paydo bo‘lgani, ular nimasi bilan Toshkent ramzlaridan biriga aylanganini o‘rgandi.