28 yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli UNG Petro avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Rossiyadan olib kelingan AI-80 rusumli benzin sotuvi boshlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga kompaniya xabar berdi. Yoqilg‘i O‘zbekiston bo‘ylab 69 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasiga, jumladan, Toshkentdagi 30 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasiga bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.

Anomal sovuq va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati cheklangani sababli AI-80 rusumli benzinga talab ortdi, biroq taklif hajmi yoqilg‘i taqchilligi va AYOQSHlarda uzun navbatlar yuzaga kelmasligi uchun yetarli bo‘lmadi.

Shu munosabat bilan «O‘zbekneftgaz» respublika iqtisodiyoti va aholining «sifatli va arzon benzinga» bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy yoqilg‘i bilan birga benzinni ham import qilishni boshladi", — deyiladi kompaniya xabarida.

Kun.uz`ning yozishicha, xususan, yanvar oyida Rossiyaning «Gazprom», «Tatneft», «Orsknefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodi kabi kompaniyalari bilan 50 ming tonna AI-80 benzinini import qilish, shuningdek, xususiy tadbirkorlar bilan 5 ming tonnalik shartnomalar tuzilgan.

Rossiya va Qozog‘iston bir necha yil avval ommaviy iste’mol uchun AI-80 benzinini (taxminan 2014 va 2017 yillarda) ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi, biroq «O‘zbekneftgaz» ta’kidlaganidek, yoqilg‘i tadbirkorlarning maxsus buyurtmasi bilan ishlab chiqarilmoqda. Uning sifati asosan AI-80, K2 va K5 benzinlari talablariga javob beradi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga temir yo‘l orqali yetkazib berish va boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda, tovar birjasida yoqilg‘ining dastlabki sotish narxi bir tonna uchun 7,084 mln so‘mni, iste’molchilar uchun esa so‘m litr uchun yakuniy narxi 6000−6200 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz»ga qarashli Buxoro NQIZda AI-80 rusumli benzin ishlab chiqarish quvvati 130−140 foizga, ya’ni sutkalik ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2750 tonnadan 3300 tonnaga oshdi.