2-sonli Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Batirovich Mirazimov Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqdagi buyruqni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov imzoladi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Tibbiyot fanlari nomzodi Doniyor Mirazimov professional faoliyatini aynan Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan. Shundan keyin ushbu muassasada shifokor-neyroxirurg, bosh shifokor bo‘lib ishlagan.

Bundan tashqari, Doniyor Mirazimov Sog‘liqni saqlash vazirligida bosh boshqarma boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasida sho‘ba mudiri kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

U 2020 yildan beri 2-sonli Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.

«Gazeta.uz» Doniyor Mirazimov bilan neyroxirurgiya markazining 2-sonli Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirilishi va mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida bir qancha intervyularini e’lon qilgandi.