Turkiyada 6 fevral kuni mamlakat janubi-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga yetti kunlik umumxalq motami e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Anadolu agentligi. Bu qaror mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan qabul qilindi.

Turkiya bo‘ylab va mamlakatning xorijdagi vakolatxonalaridagi davlat bayroqlari 12 fevral yakshanba kuniga qadar yarmiga tushiriladi.

Mamlakatda tabiiy ofat qurbonlari soni 2316 kishiga yetdi, 13 293 kishi esa jarohat oldi.

Turkiya tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish agentligi (AFAD) ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonmarash, Kilis, Diyorbakir, Adana, Osmaniya, Gaziantep, Shonliurfa, Adiyaman, Malatya va Hatay viloyatlarida 5 606 bino vayron bo‘lgan.

Turkiya hukumati qayta yer silkinishi bo‘lishi mumkinligi sababli, aholini uylariga qaytmaslikka chaqirdi.