Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Food City savdo majmuasi — Qo‘yliq 7-metro bekati yo‘nalishida bepul avtobus yo‘nalishi harakati yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi «Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati.
Bu Food city savdo majmuasi ma’muriyati tomonidan tashkil etiladi va avtobuslar 6 ta jadval asosida ish olib boradi.
Shuningdek, Qo‘yliq dehqon bozori atrofidagi mavjud tirbandliklarning oldini olish va Farg‘ona yo‘li ko‘chasini Bektemir shossesi bilan bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich qurish hamda yo‘l-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan harakatda o‘zgarish bo‘ladi.
10 fevraldan Qo‘yliq dehqon bozori orqali harakatlanuvchi 39, 45, 110, 122, 130-sonli avtobus yo‘nalishlari va 8I, 9I, 25 M, 61 M, 55 M, 73 M, 99 M, 170 M, 191 M, 195M-sonli yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarining harakati Food City savdo majmuasi avtoshohbekatiga qadar uzaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash maqsadida yangi — 152-sonli avtobus yo‘nalishi tashkil etilgandi. Bundan tashqari, 10 dan ortiq yo‘nalish harakatlariga o‘zgartirish kiritilib, qisqartirilgan yoki uzaytirilgan (ro‘yxat).