Kuniga 20 ming kishi o‘tadigan «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktida qirg‘izistonlik chegarachilar O‘zbekiston fuqarolaridan noqonuniy ravishda pul talab qilmoqda, deya xabar bermoqda qirg‘izistonlik jurnalist Shohrux Soipov.

2022 yil yozida O‘shdagi mahalliy taksi haydovchilari O‘zbekiston fuqarolariga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalgan, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng rasmiylar O‘sh aeroportidan Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasiga qadar qatnovchi mikroavtobuslar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va muammo bir qadar hal bo‘lgan.

Jurnalist Shohrux Soipov shunday mikroavtobuslardan biriga chiqib, «Do‘stlik» chegara punktiga yo‘l olgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashgan. Ularning ta’kidlashicha, chegarada Qirg‘iziston chegarachilarining o‘zbekistonliklardan ochiqchasiga pora talab qilishi odatiy holga aylanib qolgan.

«Chegarachi mendan 100 qirg‘iz so‘mi so‘radi, bersam, musht tushirdi. Deklaratsiya to‘ldirtirishim kerakligini aytdi. Muhr bosayotgan xodimning oldiga borsam, chekkada kutib turishimni aytdi. Keyin meni qayta chaqirib, boshlig‘ining oldiga borishimni tayinladi. Eshikni oldida turgan odam boshlig‘i ekan. Borsam, 1000 qirg‘iz so‘mi ber, dedi. Men 200 so‘m pulim borligini aytdim. Keyin u 500 so‘m talab qildi. Pulimni ayirboshlab kelib, berdim. Shundan so‘ng qo‘yib yuborishdi. Bu yerda juda mazax qilisharkan. Hammamiz musulmon odam bo‘lsak, shunday qilish shart emas-ku», — dedi o‘zbekistonliklardan biri.

«Chegaradan o‘tayotganimizda oldimizdagi bir o‘zbek akadan ham pul so‘rashdi. U yonida puli yo‘qligi, akasi hozirgina chegaradan o‘tib ketganini aytdi. „Nega yolg‘on gapiryapsan?!“, deb ko‘z oldimizda uni urishdi, buni hamma ko‘rdi. Keyin ichkariga kirdik. U yerda Rossiya fuqaroligini olgan boshqa bir o‘zbekistonlikka ham shunday muomala qilishdi, „o‘zbek bo‘la turib, nega Rossiya fuqaroligi bilan kirib kelyapsan?“, deb undan ham yaxshigina pul olishdi», — deydi Istanbuldan O‘shga qo‘nib, O‘zbekistonga qaytayotgan vatandoshlardan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, chegarachilar uning o‘zidan ham 50 ming o‘zbek so‘mi so‘ragan, u esa 5 dollar berib, chegaradan o‘tib ketgan. «Ular pulni pasport ichiga solishni so‘raydi. Pasportda pul bo‘lmasa, deportatsiya bor deb, poraga shama qilib, ko‘z qisib qo‘yadi… Fuqarolarni pasportni tekshiradigan xonaga kirmay turib, eshik oldida ushlashyapti», — dedi Turkiyadan qaytgan o‘zbekistonlik.

Shohrux Soipovning qayd etishicha, Qirg‘iziston chegarachilari nazorat-o‘tkazish punktida O‘zbekiston fuqarolaridan pul talab qilib olayotganiga o‘zi ham guvoh bo‘lgan.